Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga qaratilgan navbatdagi maslahatlashuv uchrashuvi 2019-yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda mintaqa tashqi ishlar vazirlarining 22-iyul kuni Qirg‘izistonda imzolangan qo‘shma bayonotida ma’lum qilingan.

Foto: Sputnik

Joriy yil 20—22-iyul kunlari Qirg‘izistonning Cho‘lpon ota shahrida Markaziy Osiyo tashqi siyosiy idoralari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollari, xavfsizlikni ta’minlash, chegara, transport va tranzit aloqalari, suv-energetika manbalaridan foydalanish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorligi masalalari muhokama qilindi.