Avstriya fuqarosi Igor Mitchka O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligiga maslahatchi sifatida beg‘araz yordam ko‘rsatadi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

Yel universiteti bitiruvchisi hisoblangan Igor Mitchka mazkur oliygohni tamomlagan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning universitet bitiruvchilari tarmog‘i orqali yo‘llagan taklifiga ijobiy javob berdi.

Igor Mitchka yangi Ta’limni rivojlantirish markazi konsepsiyasini yaratish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi maxsus ekspert-tahlil guruhida ishlamoqda. Uning oldiga qo‘yilgan vazifalar orasida maktab bitiruvchilari zamon talablariga tayyor bo‘lishlari uchun ta’limga yangicha yondashuvlarni joriy etishda xorijlik hamkorlarni jalb etish ham bor.

Muvafaqqiyatli karyera qilish uchun zarur bo‘ladigan quyidagi malakalarni o‘qitishni takomillashtirish imkoniyatlari o‘rganib chiqilmoqda: dasturlash va AKT imkoniyatlaridan foydalanish; tadbirkorlik ko‘nikmalari va muzokaralar; muvafaqqiyatga erishish uchun o‘quvchilar ishtiyoqini oshirish.

Igor Mitchka moliya sohasida xalqaro tajribaga ega bo‘lib, 2015—2017-yillarda AQSHning Goldman Sachs investitsion bankida faoliyat yuritgan.