O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi xodimi qamoqda ochlik e’lon qilgan Ma’rufjon Shakarov bilan uchrashdi. Bu haqda TIV konsullik-huquqiy departamenti rasmiy bayonot berdi.

Foto: Facebook / Nozimjon Safarov

“18-iyul kuni O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi xodimi O‘zbekiston fuqarosi Ma’rufjon Shakarovga huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida Moskva shahridagi Jazoni ijro etish federal xizmatining 1-tergov izolyatoriga (SIZO-1) tashrif buyurdi”, — deyiladi xabarda.

Uchrashuv chog‘ida M. Shakarov sog‘ligidan shikoyat qilmadi. Har kuni SIZO rahbariyati u bilan suhbat o‘tkazmoqda, vrach tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Tez tibbiy yordam ko‘rsatishni talab qiluvchi holatlar mavjud emas.

SIZO-1 rahbariyati bergan izohga ko‘ra, agar M. Shakarov ochlik holatini to‘xtatsa, sog‘ligini tiklashi uchun tibbiy bo‘limga joylashtiriladi.

Oldinroq elchixona Shakarovga konsullik-huquqiy yordamini ko‘rsatayotganini ma’lum qilgan edi.