Germaniyaning Plaza Hotelgroup GmbH kompaniyasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga mehmonxonalar tarmog‘i bo‘yicha xalqaro investitsiyalarni kiritmoqchi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayevning Plaza Hotelgroup GmbH kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvida ma’lum bo‘ldi, deb yozmoqda O‘zA.

Foto: Google Images

Xabar berilishicha, qurilish ishlari Best Western xalqaro brendi ostida olib boriladi.

Plaza Hotelgroup GmbH kompaniyasi 2002-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgacha Germaniya, Avstriya, Chexiya va Niderlandiya kabi mamlakatlarda 34 ta mehmonxona qurgan. Shu bilan birga, kompaniya mehmonxonalarni ta’mirlash bilan ham shug‘ullanadi. Plaza Hotelgroup GmbH kompaniyasi qurgan va ta’mirlagan mehmonxonalar mashhur Best Western brendi ostida dunyoga tanilgan.

Germaniyalik investorlar O‘zbekistonning yirik shaharlarida turistik mehmonxonalar qurishni rejalashtirmoqda. Shu maqsadda 100 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritilishi ko‘zda tutilgan. Ular tomonidan yaqin 3-5 yilda 6-8 tagacha mehmonxona quriladi.