Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga jurnalist Muhammadjon Obidov xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Sessiyada Rishton tumanidagi Cho‘ng‘ara qishlog‘ini So‘x tumani tarkibiga qo‘shish haqida qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga 12—13-iyun kunlari amalga oshirgan tashrifi chog‘ida mazkur qishloqning Rishton markazidan uzoq, So‘x tumani markaziga esa yaqinligi, suv yo‘llari birligi, shuningdek, yo‘l-transport va muhandislik-infratuzilma obyektlari bilan ta’minlanishini hisobga olib, So‘x tumaniga qo‘shish yuzasidan tavsiya berilgandi.

Cho‘ng‘ara qishlog‘idagi aholi soni 1304 nafar, maydoni 261 gektar. Rishton — So‘x oralig‘idagi bojxona-chegara posti yopiqligi tufayli tuman markazidan Cho‘ng‘ara qishlog‘iga va aksincha borish mushkul bo‘lib, buning uchun salkam 200 kilometr aylanma yo‘l bosib, Vodil bojxona-chegara punktidan o‘tib, yana 40 kilometr Qirg‘iziston hududini kesib o‘tishi lozim edi. Bu esa Cho‘ng‘ara qishlog‘ini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelardi. Endi esa So‘x tumani markazidan 15 daqiqada Cho‘ng‘araga borish mumkin.

— Biz Cho‘ng‘arada yangi ijtimoiy obyektlar quramiz, ishchi o‘rinlari yaratamiz, farzandlarimiz o‘qishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratamiz. Buning uchun Cho‘ng‘ara qishlog‘ini rivojlantirish dasturini qabul qildik, — dedi viloyat hokimi Shuhratjon G‘aniyev xalq deputatlari Farg‘ona viloyat kengashining sessiyasida.