Samarqand shahar “So‘g‘diyona” massividagi Abu Bakr Roziy ko‘chasida toza ichimlik suvi behuda oqib yotganligi to‘g‘risida xabar bergandik.

Foto: “Daryo”

To‘rt oydirki ko‘chaning qoq markazidan o‘tuvchi toza ichimlik suvi quvurlari yorilib, ravon yo‘llar yana eski holatiga kelib qolganligi to‘g‘risdagi “Daryo” xabar e’lon qilganidan so‘ng, Samarqand shahar suvoqova tashkiloti tomonidan ushbu achinarli holatga barham berildi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev.

“O‘tgan yilning noyabr oyidan ushbu ko‘cha boshidagi suv quvurlaridan suv sizib chiqishni boshlagan edi. “Xavos” deb nomlangan yangi suv quvirlari qishning sovuq kunlarida yorilib shikast yegan. Biz bu quvurni noyabr oyidan keyin to‘rt marotaba yangiladik. Ta’mirlab qo‘yganimizdan so‘ng og‘ir yukni ko‘tara olmagan quvurlarga yana shikast yetib suv oqib chiqavergan. Biz ta’mirlash jarayonida 750—800 metr atrofidagi ushbu quvurdan o‘tadigan suv ta’minotini to‘xtatib, zaxira quvurlari orqali aholiga suv yetkazib beryapmiz”, — deydi shahar suv oqova tashkilotining favqulotda vaziyatlar (avariyniy dispecher) bo‘limi boshlig‘i Abror Abdullayev.

Foto: “Daryo”

Ma’lumotlarga ko‘ra 2007-yilgi davlat dasturi asosida shahardagi ko‘plab suv quvurlari qayta ta’mirlanganida “Xavos” nomli quvurlar o‘rnatilgan. Afsuski ushbu suv quvurlari o‘zini oqlamagan. Ozgina ortiqcha bosim bo‘lgan yerda quvurlar yaroqsiz bo‘lib qolgan. Mutaxassisning fikricha, bunday turdagi quvurni ulab ham, yamab ham bo‘lmas ekan.

“Bizning tashkilot tashkil topganiga endigina bir yil bo‘ldi. Shu bois ham ko‘p odamlarning bu tashkilot haqida xabari yo‘q. Bevosita ushbu holat bo‘yicha gapiradigan bo‘lsam, ayni paytda shahar suvoqova tashkilotiga Abu Bakr Roziy ko‘chasidagi holat bo‘yicha fuqarolar tomonidan necha marotaba murojaat kelib tushgani o‘rganilmoqda. Boisi, shu vaqtga qadar bizning inspeksiyamizga hech qanday xabar kelib tushmagan. Biz viloyatimizdagi yer osti suv ta’minoti bilan bog‘liq har qanday muammoni o‘rganib, uni bartaraf etamiz”, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ichimlik suvini nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat xududiy bosh inspektori Ravshan Qurbonov.

Foto: “Daryo”

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ichimlik suvini nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat xududiy bosh inspektori bergan ma’lumotga ko‘ra 2018-yilda Samarqand shahar bo‘yicha ichimlik suvini yetkazib berish sifatini oshirish maqsadida 50 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan. Hozirda shahardagi Sartepo massividan boshlab ichimlik suvi quvurlarini almashtirish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, Abu Bakr Roziy ko‘chasida ham qayta ta’mirlash ishlari olib boriladi. Yil oxirigacha shahar xududida o‘rnatilgan “Xovos” quvurlari qayerda o‘rnatilgan bo‘lsa, barchasi olib tashlanib o‘rniga yangi quvurlar o‘rnatish rejalashtirilgan.

Suv quvuri bilan bog‘liq muammo hal etildi. Ammo ta’mirlanganiga uzoq bo‘lmagan yo‘l esa yana eski holatiga kelib qoldi. O‘ylaymizki, shahar yo‘lsozlari tez orada Abu Bakr Roziy ko‘chasida yo‘l muammosiga ham barham berishadi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”