O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb yozadi Spot.

Foto: Spot

Hujjat Davlat soliq xizmati organlariga soliq to‘lovchi qayd etilgan manzilda bo‘lmagan, shuningdek, soliq to‘lovchi tomonidan soliq yoki moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari yuzasidan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan hollarda soliq to‘lovchi-yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish huquqi berildi.

Soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etiladigan axborotning ishonchliligini hamda soliq to‘lovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llashning qonuniyligini tasdiqlash uchun kameral nazorat natijasi bo‘yicha joyiga chiqqan holda mavzuga oid va ekspress-o‘rganishlar amalga oshiriladi.

Yuzaga kelgan soliq qarzdorligini soliq to‘lovchi-jismoniy shaxslarning plastik kartalariga xizmat ko‘rsatuvchi bank hisobvaraqlaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdoridan ko‘p bo‘lmagan summada so‘zsiz hisobdan chiqarish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, soliq organlari davlat ulushlari bo‘yicha dividendlarni va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ajratmalarni undirish huquqiga ega bo‘ldi.