23-may kuni Xalqaro press klubning “Maktab formasi: zamonaviy bichim, innovatsion yondashuv va umumiy tanlov” mavzusida navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Xalqaro press klub

Sessiyada qayd etilishicha, joriy yil mart-may oylarida 10 xildagi namunaviy maktab formalari tajriba-sinovdan o‘tkazildi.

Maktab formasi 3 yosh guruhiga bo‘lingan holda tanlanishi ko‘zda tutilmoqda. 1—4, 5—8 va 9—11 sinf o‘quvchilari uchun alohida-alohida formalar yaratilgan.

Bugungi kunda tajriba-sinov natijalari bo‘yicha ota-onalar, o‘quvchi va o‘qituvchilarning fikrlari jamlanib, tahlil qilinmoqda.

Ularning fikrlari asosida tanlab olinadigan dizayndagi maktab formalarini 2018—2019-o‘quv yilidan barcha umumta’lim maktablariga joriy qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinadi.

Foto: Xalqaro press klub

Mazkur qaror loyihasida quyidagilar nazarda tutiladi:

  • “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan maktab formalarini tayyorlash uchun hududlardagi tegishli quvvatga ega ishlab chiqaruvchilarni belgilash va tasdiqlangan namunaviy shakllardagi maktab formalarini narxlarning ijtimoiy hammabopligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratgan holda ishlab chiqarilishini tashkil etish;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda 2018-yil iyul oyidan boshlab maktab formalari savdosini tashkil qilish bo‘yicha respublikaning barcha tuman (shahar) markazlarida aholiga qulay joylarda maktab formalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning ixtisoslashtirilgan savdo shoxobchalarini tashkil qilishi;
  • O‘zbekiston Respublikasi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqarilayotgan maktab formalarining belgilangan standartlarga, sanitariya qoidalari normalari va gigiyena normativlariga muvofiqligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda maktab formalarini xarid qilish uchun aholiga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan foiz stavkasi bo‘yicha qisqa muddatli mikrokreditlar ajratilishini ta’minlashi;

Xalq ta’limi vazirligi hamda tasarrufida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar:

  • 2018—2019-o‘quv yilidan boshlab barcha davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun namunaviy maktab formalari shakllari doirasida yagona maktab formasining joriy qilinishini ta’minlash;
  • aholi o‘rtasida o‘quvchilarning umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga belgilangan maktab formasida kelishining afzalliklari to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borish;