22-may kuni “O‘zto‘qimachiliksanoat” assotsatsiyasida Janubiy Koreyaning Daewon Wool Textile Co kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi UzDaily.

Foto: IVY Club

Uchrashuv davomida tomonlar aralash paxta va polester matolarni ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, respublikadagi maktab o‘quvchilari uchun maktab formalarini ishlab chiqish va tatbiq etishda koreys hamkorlarining tajribasini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

Daewon Wool Textile Co kompaniyasi Janubiy Koreyada maktab o‘quvchilari va talabalar uchun IVY Club brendi ostida mashhur formalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bundan tashqari kompaniya Vyetnamda polester va jundan tayyorlangan aralash materiallarni ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi.

Janubiy Koreya kompaniyasi delegatsiyasi O‘zbekistonga “O‘zto‘qimachiliksanoat” assotsatsiyasi taklifiga binoan kelgan va 25-mayga qadar mamlakatdagi yetakchi sanoat korxonalari va diqqatga sazovar shaharlarga tashrif buyuradi.

Daewon Wool Textile Co kompaniyasi raisi janob S.Kim uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning investitsion jozibadorligi sezilarli darajada oshganini ta’kidlab o‘tdi.