Turkiyaning markaziy qismida 15-iyun kuni havo shari qulab tushgan. Uning uchuvchisi halok bo‘lib, 19 nafar indoneziyalik sayyoh jarohatlangan. Bu haqda Arab News xabar berdi.
Foto: Arab Times
Gubernatorlik bayonotida aytilishicha, sharning qulashiga shamol yo‘nalishining to‘satdan o‘zgarishi ta’sir qilgan. U Oqsaroy viloyatidagi Gozlukuyu qishlog‘i yaqinida qo‘nishga urinayotganda uchuvchi shar savatidan tushib ketib, oyoqlari arqonga o‘ralib qolgan. Oqibatda u savat ostida qolib ketib, vafot etgan. Jarohatlangan sayyohlar shifoxonaga olib ketilgani qo‘shimcha qilingan.
Anadolu agentligining ma’lum qilishicha, Ilxara vodiysining xuddi shu joyidan havoga ko‘tarilgan yana bir havo shari 15-iyun kuni erta tongda xavfli qo‘nishni amalga oshirgan va 12 nafar hindistonlik sayyoh yengil jarohat olib, shifoxonaga yetkazilgan.
2022-yilda ikki ispaniyalik sayyoh Kappadokiya bo‘ylab sayyohlik turidan so‘ng havo shari qattiq qo‘nishi oqibatida halok bo‘lgandi.