Si va Putin tandemi: Rossiya va Xitoyning “chegarasiz do‘stligi” Markaziy Osiyodagi muvozanatga qanday ta’sir qiladi?
2025-yil 9-may kuni Ikkinchi jahon urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba kuni munosabati bilan qizil maydonda o‘tkazilgan paradda 29 davlat rahbari ishtirok etdi. Bu Rossiya tomonidan 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirganidan keyin o‘tkazgan eng yirik parad bo‘ldi. Ushbu tadbirda Xitoy raisi Si Szinpin ham ishtirok etdi. E’tiborli jihati, tashrif doirasida Si va Putin o‘zaro “chegarasiz do‘stlik”ni yanada mustahkamlashga intilayotganliklarini ochiq aytishdi.
Xo‘sh, bu ikki davlat nimani ko‘zlamoqda? Va eng muhimi, xalqaro tartibdagi bu siljish, neytral maqomdagi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun qanday strategik imkoniyatlar yoki tahdidlarni keltirib chiqaradi? Quyidagi maqolada shu haqida so‘z yuritamiz.
Majburiy ittifoqmi yoki strategik tanlov?
Xitoy rahbari — Si Szinpin Ukraina tomonidan uyushtirilishi mumkin bo‘lgan dron hujumlari tahdidiga qaramay, 7-may kuni Moskvaga uchib keldi. Uni olib kelgan samolyot Rossiyaning harbiy qiruvchi samolyotlari tomonidan qo‘riqlab borildi.
Si Szinpin va Vladimir Putin 8-may kuni Kreml saroyida tantanali kutib olish marosimi chog‘ida bir-birlariga iliq so‘zlar aytishdi. Ikki lider yopiq eshiklar ortida naqd 7 soat suhbatlashdi.
Bu Xitoy rahbarining Rossiyaga 11-marta tashrifi edi. Si Xitoy—Rossiya munosabatlarini “ishonchli, barqaror va chidamli”, deb atar ekan, Xitoy yangi davrda Rossiya bilan birga ko‘p qutbli dunyo tartibini ilgari surishga tayyorligini bildirdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy yetakchisini “aziz do‘stim”, deb atadi, Si esa Putinni “eski do‘stim”, deb ta’rifladi.

Shuningdek, uchrashuv davomida Xitoy yetakchisi shunday dedi:
“Tarix ham, bugungi haqiqat ham shuni to‘liq isbotladiki, Xitoy—Rossiya munosabatlarining izchil rivojlanib, chuqurlashib borishi — xalqimiz o‘rtasidagi qadimiy do‘stlikning tabiiy davomidir”.
Putin o‘z nutqida Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar tarixdagi eng yuqori darajaga chiqqanini taʼkidladi.
Ukraina urushi fonida G‘arb tomonidan joriy etilgan keng qamrovli sanksiyalar Rossiyani iqtisodiy izolyatsiyaga olib keldi. Shu bois Moskva uchun Pekin iqtisodiy va diplomatik “hayot chizig‘i”ga aylandi.
Xitoy o‘z navbatida AQSH bilan kuchayib borayotgan savdo va texnologik mojarolar fonida geosiyosiy ittifoqchilar izlamoqda. Bu ikki davlat bir-biriga nisbatan majburiy yaqinlikni tanlayotganga o‘xshaydi. Ammo bu yaqinlik faqat sanksiyalar natijasi emas — balki global geotartibga qaratilgan ongli strategik qarordir.
Ko‘p qutblilik dunyo
Si Szinpin tashrif davomida “ko‘p qutbli dunyo” g‘oyasini takror-takror tilga oldi. Aslida bu konsepsiya AQSH yetakchiligidagi liberal xalqaro tartibga muqobil sifatida ilgari surilmoqda. Ammo “ko‘p qutblilik” shiori ortida qanday siyosiy niyatlar yashiringan?
“Daryo” ushbu savol bilan siyosatshunos Muxtor Nazirovga yuzlandi. Mutaxassisning fikriga ko‘ra, Xitoy amaldagi dunyo tartiboti tarafdori ekanini ochiq aytsa-da, lekin sirtdan yangi status quo’ni shakillantirish niyati mavjud.
“Xitoy allaqachon o‘z atrofida AQSH gegemoniyasiga qarshi koalitsiyani shakllantirishga harakatlarini boshlagan va birinchi harakat aynan Yevropa Ittifoqiga qaratilmoqda. Ya’ni Xitoy Yevropa Ittifoqi va AQSH o‘rtasidagi o‘ziga xos bo‘linishlardan foydalangan holda, Yevropa Ittifoqi bilan savdo aloqalarini tiklashga urinishlar bor.
Ikkinchidan, Si Szinpin ritorikasida hozirgi zamonaviy AQSH siyosati bir yoqlamalik va o‘ta yuqori darajadagi kibrga, ya’ni o‘zini ustun qo‘yishga qaratilgan siyosat sifatida ta’riflash harakatlari sezilmoqda.
Xitoy, avvalo hozirgi dunyo tartibotidagi status quo, ya’ni kuchlarining hozirgi joylashuvi tarafdori ekani va buni qayta ko‘rib chiqishga da’vosi yo‘qligini bayon qilsa-da, lekin Amerika talqinida Xitoy — revizionistik, ya’ni kuchlar muvozanatini qaytadan shakllantirish tarafdori bo‘lgan davlat sifatida ko‘riladi. Albatta, bu Xitoyning yashirin harakatlari, ya’ni bu ochiq tashqi siyosatida maqsad qilib qo‘ymagan, tinch rivojlanish maqsadini ilgari suradi.
Bundan tashqari, Xitoyning katta loyihalari — “Bir makon, bir yo‘l” yoki “Mushtarak taqdirlar hamjamiyati” singari konsepsiyalari mavjud. Bu konsepsiyalar doirasida dunyoni bir yaxlit tizimga aylantirishlik, avvalo, iqtisodiy manfaatdorlik, barqaror tinchlik va o‘zaro ishonchni kuchaytirish kabi qog‘ozga o‘ralgan maqsadlar bor.
Bundan ko‘zlangan yagona maqsad — avvalo Xitoyning iqtisodiy o‘sib borayotgan ambitsiyalari uchun yangi makonlarni, yangi hududlarni bog‘lash va istiqbolda Xitoy markazi bo‘ladigan tartibot shaklini yuzaga keltirish”, dedi u.

Trampga yo‘llangan “salom”
Donald Tramp Ukraina urushini tugatishga urinayotganida, u o‘zining Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin shaxsiy munosabatlarini alohida namoyish qilishga kirishdi. Hatto, Amerika va Rossiya o‘rtasidagi uzilgan diplomatik aloqalar qayta tiklandi.
Bu esa tahlilchilarda, xuddi 80-yillarda Qo‘shma Shtatlar Xitoyni Sovet Ittifoqi ta’siridan chiqarib olganidek, AQSH bu safar Rossiyani Xitoydan ayirmoqchi, degan qarashni shakllantirdi.
Biroq Xitoy raisi 9-may arafasida Moskvaga kelib, Trampga bu ilojsiz ekanini tom ma’noda namoyish qildi.
“Biz do‘stlik va o‘zaro ishonch aloqalarimizni buzishga yoki zaiflashtirishga qaratilgan harakatlarning oldini birgalikda olishimiz kerak”, deb yozdi Si Rossiya ommaviy axborot vositalaridan birida e’lon qilingan mualliflik maqolasida.
Muxtor Nazirovga ko‘ra, Rossiyani yaqin istiqbolda Xitoydan ajratish imkonsiz. Aksincha, har ikki tomonda ham G‘arb bilan bo‘layotgan munosabatlarda kelishmovchilik mavjud.
“O‘tgan asrning 70-yillarida AQSH Xitoyni, G‘arb davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni normallashtirish hisobiga Sovet Ittifoqi ta’sirdan olib chiqqan edi. Shu yo‘l bilan sobiq SSSR va Xitoy o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga keltirilgan. Hozirgi davrda esa Rossiyani xuddi shunday metod bilan, ya’ni sanksiyalarni bosqichma-bosqich yechish, savdo-iqtisodiy imkoniyatlarni yana G‘arb davlatlari bilan bog‘lash orqali, Moskva va Pekin o‘rtasida devor hosil qilish, ular o‘rtasidagi munosabatlarga soya solish va ajratish kabi harakatlar amalga oshirilmoqda.
Bu birinchi o‘rinda, Rossiya jamiyatining G‘arbga oriyentir olgan jamiyat ekani va o‘zini G‘arbning bir qismi deb his etishidan kelib chiqadi. Ikkinchidan esa Rossiya bu yo‘l bilan xalqaro maydondagi o‘z mavqeyini qudratli davlat sifatida tiklashi, Ukrainada yo‘l qo‘yilgan xatolar va ularning oqibatlaridan qutilish mumkin edi. Shu jihatdan Tramp Rossiya uchun vaziyatdan chiqishning yagona muqobil yo‘li sifatida taqdim etildi.
Lekin Rossiya Xitoy bilan munosabatlarga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda va Pekin bilan aloqalarni sovuqlashtirishga tayyor emas. Bu yerda farq ham mavjud. Chunki 70-yillarda Xitoy va Sovet Ittifoqi o‘rtasida munosabatlar muayyan darajada sovuqlashib ulgurgan edi.
Buning tarixiy va hududiy sabablari mavjud. Bundan tashqari, Stalin o‘limidan keyin yangi rahbariyatning Stalin shaxsiga nisbatan salbiy yondashuvi — Xitoy Kommunistik partiyaning mavqeyiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan edi. Ya’ni Xitoy va SSSR o‘rtasida sovuqlashish yetilib qolgandi. Bundan AQSH prezidenti Richard Nikson davrida davlat kotibi bo‘lgan tajribali diplomat Genri Kissenjer juda uddaburonlik bilan foydalangan.
Hozir esa Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi qarama-qarshilik mavjud emas va bu qarama-qarshilikni sun’iy ravishda yuzaga keltirish uchun sharoit ham yo‘q. Aksincha, har ikki tomonda ham G‘arb bilan bo‘layotgan munosabatlarda kelishmovchilik mavjud.
Misol uchun, Putin Ukrainada qo‘lga kiritilgan hududlar Rossiya nazorati ostida qolishini, Ukraina to‘liq qurolsizlantirilishini, Ukraina G‘arb institutlariga qo‘shilishni to‘xtatishni istamoqda.
Si Szinpin esa “Tayvan masalasi”ni bir yoqlik qilish va Janubiy Xitoy dengizida o‘z ustunligini ta’minlashga harakat qilmoqda. Hozir Rossiya va Xitoy o‘rtasida G‘arb bilan qarama-qarshilik ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda”, dedi mutaxassis.

Ikki o‘t o‘rtasidagi Markaziy Osiyo
Rossiya va Xitoyning tobora yaqinlashuvi Markaziy Osiyo davlatlariga ijobiy va salbiy jihatlari bilan birga murakkab geosiyosiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.
Mustaqil ekspert M.Imomov o‘z maqolasida Rossiya va Xitoy o‘rtasida mafkuraviy va media sohasidagi hamkorlikning kuchayishi kuchli axborot alyansi shakllanayotganidan darak berishini tilga olib o‘tgan.
“Rossiya va Xitoy o‘rtasida mafkuraviy va media sohasidagi hamkorlikning kuchayishi, xususan, yirik media tuzilmalar — VGTRK, Russia Today hamda “Jenmin Jibao”, Xitoy Media Korporatsiyasi va “Sinxua” o‘rtasida 7 ta hamkorlik bitimi imzolanishi, kuchli axborot alyansi shakllanayotganidan darak beradi.
Xitoy yetakchisining Rossiyaga tashrifi davomida 28 hujjat imzolangan bo’lsa, ulardan 7 tasi axborot sohasiga tegishli. Bu ittifoq Si Szinpin g‘oyalari va “mushtarak taqdir hamjamiyati” kabi narrativlarni muvofiqlashtirilgan holda ilgari surishga xizmat qiladi va mintaqaning axborot suverenitetiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid soladi”, deya yozgan ekspert.
Muxtor Nazirovning ta’kidlashicha, AQSHning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi bir muncha o‘zgargan. Bu mintaqada iqtisodiy diversifikatsiyada tashqi kuchlarning faollashuvini kuzatish mumkin.
“Yaqinda Amerikaning bir qator nufuzli aql markazlari tomonidan “katta Markaziy Osiyo” strategiyasi e’lon qilindi. E’tiborli jihati, bu yerda mintaqadagi kuchlar muvozanati bir muncha o‘zgargan.
Oldin ham “katta Markaziy Osiyo” strategiyasi ilgari surilgan. Lekin unda Afg‘oniston Markaziy Osiyoning bir qismi sifatida qabul qilish va yagona iqtisodiy makon tashkil qilish maqsadi bor edi. Ammo bu strategiya “Tolibon” hokimiyatga kelgach o‘zgardi.
Yangi strategiyada esa endi Ozarbayjon katta Markaziy Osiyoning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda. Ya’ni bu mintaqada AQSH va Yevropa Ittifoqi, Xitoy hamda Turkiya kabi davlatlarning faollashuvi kuzatilmoqda.
Shuningdek, “katta Markaziy Osiyo” strategiyasida Armaniston, Gruziya va Mo‘g‘uliston tilga olingan. Bu istiqbolda mintaqada o‘ziga xos yangi iqtisodiy belbog‘larni tashkil etishni anglatadi. Ayni vaqtda Markaziy Osiyoda jiddiy faollashuv yuzaga kelmoqda. Eng kamida bu mintaqadagi iqtisodiy diversifikatsiyada tashqi kuchlarning faollashuvini kuzatishimiz mumkin”, deya xulosa qildi siyosatshunos.
Rossiya va Xitoyning yaqinlashuvi Markaziy Osiyoga imkoniyatlar bilan birga xavf va cheklovlar ham olib kelishi mumkin. Shu sababli mintaqa davlatlari ko‘pvektorli siyosatni yanada ehtiyotkorlik bilan yuritishi, ichki integratsiyani kuchaytirishi va tashqi bosimlarga qarshi institutsional va diplomatik barqarorlikni mustahkamlashi zarur.