Bugun,

  • USD12559.26
  • RUB160.17
  • EUR14413.01

15-fevral kuni xonanda va aktrisa Shirin Abdullayeva 19 yoshda hayotdan ko‘z yumdi. Ushbu mash’um xabar xonandaning muxlislari qalbini larzaga keltirdi. Aslida insonning umri u yashagan yillarning miqdori bilan emas, balki u tirikligida qilgan amallariga qarab baholanadi. Shirin qisqa hayoti davomida ko‘pchilik butun umr ham erisha olmaydigan katta yutuqlarga erishdi. Quyida o‘zbek shou-biznesida qisqa, ammo yorqin faoliyat yuritib, minglab muxlislar qalbidan mangu joy egallagan san’atkorlar haqida so‘z yuritiladi. 

Shirin Abdullayeva

Foto: Instagram

Shirin Abdullayeva tadbirkor, tarkibida 20 dan ortiq korxonani birlashtirgan BA Holding ta’sischisi Bahodir Abdullayevning eng kenja — 5-qizi edi. 

Shirin 2005-yil 14-dekabrda Namangan viloyati Namangan shahrida tug‘ilgan. 2023-yilda u san’at yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Uning “Lo‘li”, “Metro”, “Bezori” va boshqa qo‘shiqlari YouTube’da millionlab marta ko‘rilgan.

Shirin Abdullayeva, shuningdek, 2021-yilda Rossiyaning “NTV” kanalidagi mashhur teleko‘rsatuv — “Ti — Super!” ishtirokchisiga aylangan va yarim finalgacha borgan.

Shirin Abdullayeva Pekindagi Sinxua universitetida Ijtimoiy fanlar yo‘nalishida o‘qiyotgandi. 2024-yilda o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan. Universitet Abdullayevani “O‘zbekistonning Xitoydagi madaniyat elchisi” deya ta’riflagan. Ma’lum bo‘lishicha, Shirinning o‘limiga meningit kasalligi sabab bo‘lgan. U ikki oy davomida koma holatida bo‘lgan. 



 Laylo Aliyeva
  Foto: Yandex 

90-yillar o‘rtalarida “O‘zbekiston”, “Jonginam”, “Yondiradi” kabi qo‘shiqlari bilan millionlab tinglovchilar qalbiga kirib borgan xonanda Laylo Aliyeva 23 yoshida qotillik qurboni bo‘lgan.

  Kollaj: “Daryo” 

1975-yilda Samarqand shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan ijodkor Toshkentda ulg‘aygan. Uning katta bobosi mashhur zargarlardan biri edi. Laylo Aliyeva ikki yoshga kirganida “Moda” jurnalida rasmlari chiqadi, o‘n yoshida esa “Semurg‘” oromgohidagi “Go‘zallik” tanlovida yuqori o‘ringa loyiq ko‘riladi. U hozirgi Milliy raqs va xoreografiya oliy maktabini bitirgach, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘qiydi. O‘zbekiston xalq artisti Saodat Qobulovaning sevimli shogirdlaridan biri hisoblangan xonanda O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovdan ham qo‘shiq aytish sirlarini o‘rganadi. Qisqa vaqt ichida shirali ovozi va go‘zalligi bilan omma nazariga tushib, muxlislar orttiradi. Xonanda oz umri davomida yigirmadan ziyod qo‘shiqlar ijro qilib, ikkita albom chiqaradi.

  Foto: Yandex

Laylo Aliyevaning fojiali o‘limi yashin tezligidek tarqalib, barchani hayratga soldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1998-yilning 1-may kuni o‘sha vaqtda mashhur bo‘lgan “Al-Vakil” guruhi ikki xonandasi Layloni yashash uyida qirq ikki joyidan pichoqlab, vahshiylarcha o‘ldiradi. Undan Jasurbek ismli farzand yodgor bo‘lib qolgan.

  Foto: Yandex

Mo‘min Oripov

Foto: “Daryo”

“Jiyda gullaganda”, “Boyvachcha”, “Anhor bo‘yida”, “Eslama meni” kabi qo‘shiqlari bilan o‘zbek yoshlari orasida shuhrat qozongan “Bojalar” guruhi xonandasi Mo‘min Oripov ham hayotdan erta ko‘z yumgan.

Foto: “Daryo”

“Boyvachcha”, “Nortoy”, “Achchiq hayot” singari filmlarda turli darajadagi rollarni talqin qilgan serqirra ijodkor 25 yoshida baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan. Mazkur noxush voqea 2009-yilning 28-iyunidan 29-iyuniga o‘tar kechasi Surxondaryo viloyatining Angor tumanida yuz bergan. Avtohalokat natijasida guruh a’zosi Jahongir Poziljonov va Javlon Shodmonov og‘ir tan jarohatlari olgan hamda oylab shifoxonada yotib, oyoqqa turgan.

Ustazoda xonanda Dildora Qayumova

Foto: “Daryo”

Suxandon va xonanda sifatida tanilgan Dildora Qayumova 28 yoshida vafot etgan. U 1980-yil 19-dekabrda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Ustazoda ijodkor taniqli televideniye rejissyori Zokir Qayumov va O‘zbekiston xalq artisti Malika Qayumovaning farzandi bo‘lib, karyerasini 1998-yilda O‘zbekiston televideniyesida boshlagan.

Foto: Yandex

“Unutmoq osonmas”, “Musiqiy tanaffus”, “Yangi yilda yangi qo‘shiqlar” kabi bir qancha loyihalardagi chiqishlari bilan el nazariga tushgan. Qo‘shiqchilik faoliyatida ham bir qancha taronalari bilan o‘z muxlislarini topgan. Dildora Qayumova 2008-yilda olamdan o‘tgan. Uning bir nafar o‘g‘il farzandi bor.

Avtohalokat qurboni bo‘lgan Radius 21

Radius 21 nomi bilan mashhurlikka erishgan reper Shahzod G‘ulomov 29 yoshida avtohalokat sababli olamdan o‘tgan.

Foto: “Daryo”

U 1981-yil 10-oktyabrda Bo‘ka shahrida dunyoga kelgan. Bolaligidan gitara chalish, kitob o‘qish va she’r yozishga juda qiziquvchan bo‘lgan. Maktab va texnikumni tamomlagach, hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Ommaviy bayramlar rejissyorligi fakultetida o‘qiydi. Oliy ta’lim muassasasini bitirganidan keyin xususiy telekanallarning birida ikki yil davomida boshlovchi va rejissyor sifatida faoliyat yuritadi. Uning “Radius 21” nomli ko‘rsatuvi qisqa vaqt ichida tomoshabinlar e’tiborini qozonadi.

Foto: Yandex

Shu tariqa qo‘shiq aytishga bo‘lgan ishtiyoq uni san’at sohasiga yetaklaydi. Bir qator musiqa yo‘nalishida ijod qilgan xonandaning rep yo‘nalishidagi qo‘shiqlari yoshlar orasida keng ommalashadi. Uning “Akfa media” prodyuserlik markazida ijod qilgan davrida, ya’ni 2006—2008-yillarda hamda keyinchalik yaratgan “Dubay”, “Unutolmadim”, “Monolog”, “Har kun”, “Tungi kapalak” singari ko‘plab taronalari haligacha tinglovchilarini yo‘qotmay kelmoqda. Shahzod G‘ulomov “Sevgi fazosi”, “Onaizor”, “Boyvachcha” kabi filmlarda suratga tushgan.

Foto: Yandex

Marhum san’atkorning ukasi Bekzod G‘ulomovning aytishicha, akasi 2010-yilning 12-sentyabrida Piskent shahri postiga yaqin joyda Matiz rusumli mashinasida oilasi bilan ketayotgan bo‘lgan. Ularga qarama-qarshi yo‘nalishdan esa kontrabanda mahsulotlarini postdan olib qochayotganlar kelib urilgan. Shahzod G‘ulomov avtohalokat bo‘lgan vaqtda, voqea joyining o‘zida olamdan o‘tgan, 3,5 oylik farzandi Beksulton ertasi kuni vafot etgan. Beksulton xonandaning yolg‘iz farzandi edi.

Farangiz Rejametova

“Oyijon” filmidagi bosh roli bilan tanilgan ijodkor Farangiz Rejametova (Jamolxonova) 2018-yili 25 yoshida YTH oqibatida vafot etgan.

Foto: “Daryo”

U 1993-yilda san’atkorlar oilasida tug‘ilgan. Uning bobosi — O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan artist To‘g‘on Rejametov, buvisi — O‘zbekiston xalq artisti Shirin Azizova kino va teatrdagi yuzlab rollari orqali o‘zbek san’ati rivojiga hissa qo‘shgan. Onasi — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fotima Rejametova ham betakror ijrolari orqali tomoshabinlar ko‘nglidan joy olgan. Farangiz Rejametova “Sehrli qalpoqcha”, “Uy bekasi” kabi o‘nlab kino va seriallardagi ijrolari bilan ham o‘z muxlislarini topgan.

Foto: Fotima Rejametovaning shaxsiy arxividan

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti bitiruvchisi bo‘lgan 25 yoshli Farangiz Rejametovani 2018-yil 20-iyul kuni soat 21:15 atrofida Abdulla Qodiriy va Mahatma Gandi chorrahasidagi piyodalar o‘tish joyida Mercedes-Benz avtomobili urib ketgan. Haydovchi jabrlanuvchini kasalxonaga olib borgan, ammo aktrisa yo‘lda olamdan o‘tgan.

Skan-Multi

Skan-Multi taxallusi bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish Iskandar A’zamov 2006-yilda 28 yoshida o‘zining uyida ikki nafar yigit tomonidan shafqatsizlarcha pichoqlab o‘ldirilgan.

Foto: Yandex

Iskandar A’zamov 1978-yil 25-yanvarda tug‘ilgan bo‘lib, u kinorejissyor, ssenariynavis va aktyor sifatida ijod qilgan. O‘zbek televideniyesidagi faoliyati 1996-yilda boshlangan. O‘n bir yillik ijodi davomida yuzlab musiqiy videokliplarni suratga olgan. 2003-yil Moskvada, “STS” kanalida postanovkachi operator bo‘lib ishlagan. U “Xo‘ja Nasriddin: o‘yin boshlanadi” nomli badiiy filmni suratga oladi. Unda asosiy rollarni ijodkorning o‘zi va qo‘shiqchi So‘g‘diyona o‘ynagan. Ammo unga o‘z filmining premyerasida qatnashish nasib qilmagan.

Foto: “Kino-teatr.ru”

Skan-Multi 2006-yilning 23-iyun kuni o‘z uyida ikki nafar yigit tomonidan shafqatsizlarcha pichoqlab o‘ldirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, marhumning xizmatini qilib yurgan mardikor yigitlar Iskandar A’zamovning orqasiga va yuragiga bir necha marta pichoq urgan. Qotillarning san’atkorni o‘ldirishdan maqsadi pul bo‘lgan. Jinoyatchilar ushlanib, ularga qilmishiga yarasha jazo tayinlangan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
O‘zbekiston

Qashqadaryoda tuproq qoplamali yo‘llarni to‘liq shag‘al qoplamaga o‘tkazish boshlanadi

Qashqadaryoda tuproq qoplamali yo‘llarni to‘liq shag‘al qoplamaga o‘tkazish boshlanadi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
O‘zbekiston

Hisorak suv omboridan Qarshigacha ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi

Hisorak suv omboridan Qarshigacha ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Dunyo

“Netanyaxu hokimiyatda abadiy qolish uchun Eronga qarshi urishmoqda” — Bill Klinton

“Netanyaxu hokimiyatda abadiy qolish uchun Eronga qarshi urishmoqda” — Bill Klinton— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »