Bugun,

  • USD12634.34
  • RUB162.37
  • EUR14821.34

Jahon futbolida ko‘plab mashhur ota-bola va aka-uka o‘yinchilarni uchratish mumkin. Ushbu oilalarda futbol xuddi boshqa sohalar bilan bo‘lgani kabi avloddan avlodga o‘tib keladi. Bunga misol tariqasida Maldinilar, de Burlar, Holandlar, Azarlar, Ernandeslar kabi yulduz darajasidagi futbolchilar sulolalarini keltirish mumkin. Xo‘sh, o‘zbek futbolida ham shunday futbolchilar bormi va ular professional faoliyati davomida qay darajadagi muvaffaqiyatlarga erisha olgan. Quyida ana shu savollarga javob olish mumkin bo‘ladi.

Abduraimovlar

Birodar Abduraimov va Azamat Abduraimov

Birodar Abduraimov va Azamat Abduraimov
Foto: Google Images

Ro‘yxatimizni o‘zbek futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan sulola vakillari Abduraimovlar ochib beradi. Uzoq yillar davomida “Paxtakor” tarkibida yorqin o‘yin ko‘rsatgan Birodar Abduraimovning uch nafar o‘g‘li — Azamat, Jasur va Bahodir Abduraimovlar otasining kasbini davom ettiradi.

Azamat Abduraimov O‘zbekiston terma jamoasi va “Paxtakor”dagi o‘yinlari orqali yaxshi tanilgan. Jasur Abduraimov ham “Paxtakor” safida to‘p surgan bo‘lsa, Bahodir Abduraimov “Do‘stlik”, “Surxon”, “Dinamo” kabi klublarda faoliyat yuritgan.

78 yoshli Birodar Abduraimov hozirda nafaqada. Murabbiylik faoliyatini davom ettirayotgan Azamat iyul oyida Pro-Ligada ishtirok etadigan “Yangiyer Quruvchi” klubidan iste’foga chiqqan. Jasur Abduraimov Bekobodning “Metallurg”iga ustozlik qilayotgan bo‘lsa, Bahodir Abduraimov butsilarini mixga ilgach, murabbiy sifatida Pro-Liga yoki Superliga darajasidagi klublarda faoliyat yuritmagan.

Qosimovlar

Mirjalol Qosimov va Mirjamol Qosimov

Mirjalol Qosimov va Mirjamol Qosimov
Foto: “OKMK”

“O‘zbek Maradonasi” Mirjalol Qosimovning mamlakat futboli va uning terma jamoasida tutgan o‘rni haqida ortiqcha gapirishning hojati yo‘q. Klublar darajasida “Paxtakor” va “Alaniya” safida katta yutuqlarga erishgan Qosimovning ikki o‘g‘li ham o‘z izidan borgan.

Mirjalol Qosimovning katta farzandi Mirkamol yoshligida futbol bilan shug‘ullangan, biroq jarohati sabab murabbiylik faoliyatini nisbatan ertaroq boshlashga majbur bo‘ladi. Hozirda u “Bunyodkor” akademiyasida yosh futbolchilarga ustozlik qilmoqda. Qosimovlarning kichik vakili Mirjamol esa otasi murabbiyligidagi “OKMK” klubi sharafini himoya qilmoqda, bungacha u “Bunyodkor”da harakat qilgan.

Tojiyevlar

Aka-uka Tojiyevlar

Aka-uka Tojiyevlar
Kollaj: “Daryo”

2010-yillar o‘zbek futbolida aka-uka Tojiyevlar o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan davr bo‘lib tarixga kirgan. Hujumchilar Zayniddin va Farhod oldingi chiziqlardagi harakatlari orqali yaxshi natijalarga erishgan bo‘lsa, Kamoliddin mudofaada ishonchli o‘yin ko‘rsatardi. O‘sha paytlarda “Paxtakor”ni Tojiyevlarsiz tasavvur qilish qiyin edi.

Zayniddin Tojiyev hozirda “Odil Junior” akademiyasida faoliyat yuritmoqda. Kamoliddin “Metallurg”da to‘p surayotgan bo‘lsa, Tojiyevlarning kenjasi Farhod 2019-yilda faoliyatini yakunlagan, uning so‘nggi klubi “Surxon” bo‘ldi.

Kapadzelar

Tohir Kapadze va Temur Kapadze

Tohir Kapadze va Temur Kapadze
Kollaj: “Daryo”

Uzoq yillar O‘zbekiston terma jamoasi, “Bunyodkor”, “Paxtakor” va bir qator xorij klublari safida barqaror o‘yin ko‘rsatib kelgan Temur Kapadzening otasi Tohir Kapadze ham o‘z vaqtida futbolchi va murabbiy sifatida faoliyat yuritgan. Hozirda nafaqada bo‘lgan Tohir Kapadzening murabbiylik rezyumesida “Avtomobilchi”, “Sementchi”, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi, “Neftchi” kabi bir qator jamoalarni uchratish mumkin. Temur esa ayni damda Pro-Ligada ishtirok etayotgan “Olimpik” jamoasiga ustozlik qilmoqda.

Shatskixlar

Foto: FIFA

O‘zbek futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yana bir sulola vakillari Oleg va Maksim Shatskixdir. Oleg Shatskix 1992—2003-yillarda “Paxtakor”, “Navbahor” va “Do‘stlik” kabi jamoalarda to‘p surgan. Maksim Shatskix esa “Dinamo Kiyev” va O‘zbekiston terma jamoasidagi harakatlari bilan futbol muxlislarining qalbidan chuqur joy olgan.

Ahmedovlar

Aka-uka Ahmedovlar

Aka-uka Ahmedovlar
Kollaj: “Daryo”

O‘zbekistonning so‘nggi o‘n yillikdagi eng yaxshi futbolchisi Odil Ahmedovning ukasi Azim Ahmedov ham akasining ortidan borib, millionlar o‘yinida faoliyat yuritib kelmoqda.

Odil faoliyati davomida “Paxtakor”, “Anji”, “Krasnodar”, “Shanxay SIPG” kabi klublarda to‘p surgan. Hozirda u “Chanchjou Mayti Layons” (Xitoy) a’zosi hisoblanadi. Azimning mehnat daftarchasida esa hozircha ikkita klub bor: “Navbahor” va “Paxtakor”.

Denisovlar

Foto: Yandex Photos

O‘zbekiston terma jamoasi, “Dnepr”, “Lokomotiv” tarkibidagi ishonchli va tezkor o‘yini bilan nom qozongan Vitaliy Denisovning otasi Genadiy Denisov ham na o‘yin bobida va na mashhurlik borasida o‘g‘lidan qolishgan.

Denisovlarning kattasi futbolchi sifatida “Paxtakor”, “Navbahor” klublari va O‘zbekiston milliy jamoasida to‘p surgan. Vitaliy esa hozirda Rossiyaning quyi ligasida ishtirok etadigan “Baltika”da to‘p tepmoqda.

Ashurmatovlar

Foto: Instagram / @ashurmatov02

O‘zbekiston terma jamoasi, “Paxtakor” MHSK va “Bunyodkor” kabi jamoalarda to‘p surgan Ashurmatovlar sulolasining ilk vakili Baxtiyor Ashurmatov hozirda “Qo‘qon-1912” jamoasini boshqarmoqda. Uning jiyani Rustam Ashurmatov ham tog‘asining kasbini davom ettirgan. Baxtiyor Ashurmatov singari himoya chizig‘ida harakat qiladigan Rustam ayni paytda Janubiy Koreyaning “Kanvon”ida to‘p tepmoqda, bungacha u “Bunyodkor” sharafini himoya qilgan.

Rashidovlar

Foto: Instagram / @_sanjar_rashidov_7

Tojiyevlardan keyin o‘zbek aka-ukalar triosi estafetasini Rashidovlar o‘z qo‘liga oladi. Ularning to‘ng‘ichi — Sardor Rashidov O‘zbekistonda “Bunyodkor”, “Lokomotiv” va “Paxtakor” safida harakat qilgan. Legioner sifatida esa Sardor “Al-Jaish” (Qatar), “Al-Jazira” (BAA), “Nasional” (Portugaliya) “Qatar SK” (Qatar) jamoalar sharafini himoya qilgan. Hozirda u Kuvaytning “Al-Kuvayt” klubida to‘p tepmoqda.

Rashidovlarning o‘rtanchasi Sanjar “Bunyodkor” safida harakat qilayotgan bo‘lsa, kenja vakil Sahob “So‘g‘diyona”da to‘p surmoqda.

Shomurodovlar

Ilhom Shomurodov va Eldor Shomurodov

Ilhom Shomurodov va Eldor Shomurodov
Kollaj: “Daryo”

2010-yillarda “Nasaf” safidagi o‘yinlari va gol sezish qobiliyati orqali nom qozongan Ilhom Shomurodovning jiyani Eldor Shomurodov oradan 10 yil o‘tib, “Roma” safida to‘p surmoqda.

Ilhom Shomurodov “Nasaf”gacha “Surxon”, “To‘palang” va “Mash’al”da to‘p surgan. Eldorning rezyumesida esa “Mash’al”, “Bunyodkor”, “Rostov” va “Jenoa”ni uchratish mumkin.

Eldor Shomurodov intervyularida har doim o‘zining katta yutuqlarga erishishida amakisi Ilhom Shomurodovning o‘rni katta ekanligini ta’kidlab keladi.

Alijonovlar

Aka-uka Alijonovlar

Aka-uka Alijonovlar
Kollaj: “Daryo”

Ro‘yxatimizdagi eng yosh aka-uka futbolchilar — Hojiakbar va Javohir Alijonovlar. Alijonovlarning kattasi Hojiakbar ancha yillardan beri terma jamoalar va “Paxtakor”da yorqin o‘yin ko‘rsatib kelmoqda. Uning ukasi Javohir Alijonov esa 2020-yildan beri Toshkentning “Lokomotiv” klubi sharafini himoya qiladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport

“Bu xotiralarni hech qachon unutmayman” — Eldor Shomurodov “Roma” bilan xayrlashdi

“Bu xotiralarni hech qachon unutmayman” — Eldor Shomurodov “Roma” bilan xayrlashdi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Iqtisodiyot

O‘zbekiston aholisiga yarim yilda qancha ipoteka krediti berilgani ochiqlandi

O‘zbekiston aholisiga yarim yilda qancha ipoteka krediti berilgani ochiqlandi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Dunyo

Olmaotada o‘zbekistonliklar o‘lgan hosteldagi yong‘in bo‘yicha hukm o‘qildi

Olmaotada o‘zbekistonliklar o‘lgan hosteldagi yong‘in bo‘yicha hukm o‘qildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »