Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani, Sevaz qishlog‘ida yashovchi 27 yoshli erkak uxlab yotgan xotinini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, voqea 2021-yilning 31-yanvar kuni soat 02:00 da sodir bo‘lgan.

Kitob tuman IIBning navbatchilik qismiga shu kuni soat 04:00 da kelib tushgan xabarga ko‘ra, tuman prokuraturasi tergovchisi A.Jo‘rayev, tuman IIB boshlig‘i vazifasini bajaruvchi E.Badalov, ekspert mutaxassislar, tezkor-tergov guruhi a’zolari va boshqa tezkor xodimlar voqea joyiga yetib borgan va hodisa joyidan qon dog‘lari, qonga o‘xshash dog‘lari mavjud 1 dona oshxona pichog‘ini protsessual tartibda rasmiylashtirib olgan.

Aniqlanishicha, 27 yoshli fuqaro B.Q. 2019-yil fevral oyida turmush qurgan 25 yoshli xotini M.X.ni soat 02:00 larda sababsiz uxlab yotgan joyida oshxona pichog‘i bilan bo‘yin sohasidan so‘yib, qasddan o‘ldirgan.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, qotillikka qo‘l urgan erkak bir yoshli qizini xotini yotgan xonadan olib chiqib, onasiga bergan va qizining onasi o‘lganini aytgan. Buning sababini so‘ragan yaqinlariga esa “shayton qildi”, deya javob bergan.

Qotil erning qilmishini izohlagan tog‘asi uning ruhiy kasal sifatida ro‘yxatda turishini aytib, davolanib chiqqach, uch oy davomida “Klozapin” tabletkasini ichib yurganini bildirgan. Shuningdek, qotil erkakning onasi o‘g‘li va kelini o‘rtasida urish-janjal bo‘lmaganini, o‘g‘lining boshida ruhiy o‘zgarishi tufayli kelinini so‘yib o‘ldirgan deb bilishini, shu voqeadan so‘ng o‘g‘li umuman gapirmay qolganini aytgan.

Hayot Shamsutdinovning qo‘shimcha qilishicha, holat yuzasidan B.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qamoqqa olingan.