Angliyada shifokorlar 14 yoshli qizning oshqozonidan “qovun hajmidagi” soch to‘plamini olib tashladi. Bu haqda LADBible xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 14 yoshli Erin Kollinsning oshqozonidan trixobezoar — diametri 21 santimetrdan ortiq bo‘lgan zich soch to‘plamini olib tashlash uchun murakkab jarrohlik amali o‘tkazilgan. Bu hosila qizda kuchli og‘riq, kamqonlik va ovqatlanish muammolarini keltirib chiqargan.
Ta’kidlanishicha, o‘quvchining qorin og‘rig‘idan ilk shikoyatlari 2024-yilning noyabr oyida paydo bo‘lgan. Uning onasi, 48 yoshli Jodi Kollins, buni ovqat hazm qila olmaslik yoki hayz davri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin deb taxmin qilgan. Biroq tekshiruvlarda hech qanday kasallik aniqlanmagan va may oyigacha, og‘riqlar kuchaygunga qadar, vaziyat noaniq bo‘lib qolavergan.
“Erin olti oy davomida juda kuchli oshqozon spazmlaridan aziyat chekdi. Men buni ovqat hazm qila olmaslik bilan bog‘ladim, unda laktoza yoki glyutinni ko‘tara olmaslik bo‘lishi mumkin deb o‘yladim”, deydi Jodi.
Erin shifoxonaga qayta yotqizilganda, shifokorlar oshqozonda sochdan iborat zich massani aniqlashgan.
Shifokorlarning aytishicha, bu to‘plam bir necha yil davomida shakllanib, Erinning oshqozonini me’yordan uch baravar kattalashtirgan bo‘lishi mumkin. Qizcha zudlik bilan Bristol bolalar shifoxonasiga yetkazilgan, u yerda jarrohlar hosilani to‘liq olib tashlash uchun besh soat vaqt sarflagan.
Mutaxassislarning fikricha, o‘smir qiz uyqusida beixtiyor o‘z sochlarini yutib yuborgan bo‘lishi mumkin. Onasining e’tirof etishicha, qizi bolaligidan sochini o‘ynashni yaxshi ko‘rgan, ammo uni hech qachon yeganini ko‘rmagan.
Jarrohlik amaliyotidan so‘ng Eringa vitamin va minerallar kursi buyurildi. Shuningdek, vaziyat takrorlanmasligi uchun esa unga uyqu paytida kiyish uchun himoya qalpog‘i sotib olingan.
Izoh (0)