Rossiya harbiy sudi RF Mudofaa vazirligining sobiq yuqori martabali mulozimi Vladimir Shesterovni davlat shartnomalari bilan bog‘liq yirik firibgarlik uchun 6 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Shesterov Mudofaa vazirligi Innovatsion rivojlanish bosh boshqarmasi rahbar o‘rinbosari lavozimida ishlagan. U 2024-yili Moskva yaqinidagi Patriot Park vatanparvarlik majmuasi qurilishiga ajratilgan 40 million rubldan ortiq (taxminan 510 ming dollar) mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib qo‘lga olingan.
Tergovchilar Shesterov Patriot Park’ning sobiq direktori Vyacheslav Axmedov hamda Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Pavel Popov bilan til biriktirib, 2022–2024-yillar oralig‘ida 25 million rubldan ziyod (319 ming dollar) pulni o‘zlashtirganini ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, Shesterov va Axmedov aybini tan olib, Popovga qarshi ko‘rsatma bergach, uy qamog‘iga o‘tkazilgan. Popov esa hozirda poraxo‘rlik, hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilish, firibgarlik va noqonuniy qurol saqlash kabi bir necha moddalar bo‘yicha tergov ostida qolmoqda.

Rossiya Tergov qo‘mitasining ma’lum qilishicha, sud Shesterovni yirik firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topdi. U 6 yillik qamoq jazosidan tashqari:
- 500 ming rubl (6,4 ming dollar) jarima
- 2 yil davomida davlat lavozimlarida ishlash taqiqi
- General-mayor unvoni va barcha davlat mukofotlaridan mahrum qilindi.
Patriot Park Moskvadan 60 km g‘arbda joylashgan bo‘lib, harbiy-tematik majmua va ko‘rgazma markazidir. Parkda qurol-aslaha namoyishlari, jonli otishmalar uchun poligonlar hamda Rossiya qurolli kuchlariga bag‘ishlangan pravoslav sobori mavjud.
Mazkur keys Rossiya Mudofaa vazirligida olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli kurash kampaniyasining bir qismidir. Shu yil boshida sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov 13 yilga qamalgan edi.
Izoh (0)