O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlik sodir etganlar psixokorreksiya dasturlaridan o‘tkaziladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-iyuldagi qarorida belgilandi.

Hujjatda belgilanishicha, Ichki ishlar vazirligi 2025-yil 1-noyabrga qadar tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan yakka tartibda ishlash, elektron axborot tizimida tuzatish dasturidan o‘tuvchi shaxslar bilan amalga oshirilayotgan tadbirlarni umumlashtirish, faoliyatni monitoring qilish hamda o‘zaro axborot almashishni nazarda tutuvchi “E-ijtimoiy profilaktika” elektron axborot tizimining “E-tuzatish dasturi” modulini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etadi.
2025-yil yakuniga qadar tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni tuzatish dasturidan o‘tkazish jarayonlariga oid ma’lumotlarni raqamlashtirish choralari ko‘riladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi 2025-yilning ikkinchi yarmidan boshlab har olti oyda o‘zlarining tizimida mavjud psixologlar ro‘yxatini Ichki ishlar vazirligiga taqdim etib boradi. Ichki ishlar vazirligi 2025-yil 1-oktyabrga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda byudjet tashkilotlaridagi psixolog mutaxassislarning reyestrini shakllantiradi.
IIV tuzatish dasturi doirasida tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni psixokorreksiya dasturlaridan o‘tkazish jarayoniga nodavlat notijorat tashkilotlarni jalb qilish maqsadida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga davlat ijtimoiy buyurtmalarini belgilangan tartibda taqdim etib boradi.
Tuzatish dasturi haqida
Tuzatish dasturi — shaxsning zo‘ravonlikka moyil xulq-atvorini o‘zgartirishda unga ruhiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishga hamda ijtimoiy hayotga moslashtirishga qaratilgan tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlar majmui.
Prezidentning 2024-yil 10-maydagi qaroriga muvofiq himoya orderi berilgan har bir holatda tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi belgilangan.
2025-yil 1-yanvardan ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi. Davlat rahbarining 2025-yil 3-yanvardagi qaroriga muvofiq ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlariga himoya orderini rasmiylashtirish vakolati berilgan.
Izoh (0)