Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu yaroqsiz ovqatdan zaharlangan, u tegishli muolajalar olmoqda. Bu haqda uning idorasiga tayanib, The Times of Israel xabar berdi.

Siyosatchi 20-iyuldan boshlab uch kun davomida uyida dam oladi. U o‘z vazifalarini masofadan turib bajarishda davom etadi. 75 yoshli Netanyaxu tunda o‘zini yomon his qilgan. Tibbiy tekshiruvlar natijasida unda ichak yallig‘lanishi hamda suvsizlanish aniqlangan. Hozirda Isroil bosh vaziriga tomir orqali suyuqlik yuborilmoqda.
Shifokorlar tavsiyasiga binoan, bosh vazir keyingi uch kunni uyida o‘tkazadi va u yerdan turib davlat boshqaruvi bilan shug‘ullanadi, deyiladi rasmiy bayonotda.
Ma’lumot uchun, Netanyaxuga 2023-yilda yurak ritmini nazorat qiluvchi qurilma — kardiostimulyator o‘rnatilgan. 2024-yil dekabr oyida esa unga siydik yo‘llari infeksiyasi tashxisi qo‘yilgan va shundan so‘ng prostata bezi jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangan.
O‘sha yilning mart oyida u churra (grija) bo‘yicha operatsiyani boshdan kechirgan. Shundan keyin esa grippga chalinib, bir necha kun ishga chiqa olmagan.
Izoh (0)