Ozarbayjon rahbari Shusha media forumida nutq so‘zladi. Ilhom Aliyevdan o‘z hududiy yaxlitligini tiklagan davlat prezidenti sifatida, ukrainaliklarga qanday maslahat berishi so‘raldi. Bunga javoban ozarbayjonliklar yetakchisi quyidagilarni ma’lum qildi.
“Bu, menimcha, ukrainaliklarning intilishlariga mos keladi. Bosqinni hech qachon qabul qilmang. Bu asosiy maslahat. Biz ham shunday qildik”, dedi Ilhom Aliyev.

Aliyev nutqi davomida o‘z mamlakati tarixi haqida ham so‘zlab berdi. Xususan, birinchi Qarabog‘ urushi Ozarbayjon uchun nihoyatda og‘ir va halokatli bo‘lgani, ko‘plab qurbonlar berilganini ta’kidladi. Prezident urushdan keyingi davr ham oson bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi.
“Iqtisodiy nuqtai nazardan, bir million odam tirikchilik vositasidan ayrildi. 700 mingdan ortiq ozarbayjonlik Qorabog‘ mintaqasidan qochib keldi. Shuningdek, Armanistonda yashagan 250 ming ozarbayjonlik deportatsiya qilindi”, dedi prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda mamlakat aholisi 8 million edi. Davlat eng yuqori darajadagi qochqinlar ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan. Qolaversa, byudjet bo‘sh, xalqaro yordam esa umuman berilmagan.
Prezidentning ta’kidlashicha, bunday sharoitda hokimiyat tepasiga Haydar Aliyev kelib, vaziyatni barqarorlashtirgan va davlatni asta-sekin oyoqqa qo‘ygan.
“Biz asta-sekin oyoqqa tura boshladik, rivojlandik va faqat bitta narsani o‘yladik. Ishonchim komilki, fuqarolarimizning katta qismi mening so‘zlarimga qo‘shiladi. Biz bosib olingan hududni qaytarish haqida o‘yladik. Bu juda qiyin bo‘lishini tushunardik”, dedi Aliyev.
Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakat o‘z hududlarini qaytarishga kirishdi. Aliyevning aytishicha, masalaga diplomatik yechim topish uchun tuzilgan OSCE Minsk guruhi amalda Armanistonni qo‘llab-quvvatlagan va status-kvoni saqlash uchun barcha choralarni ko‘rgan. Biroq Ozarbayjon “vaqtni cho‘zishga urinishlar”ga toqat qilmay, 2020-yili mustaqil qaror qabul qildi.
“Biz yangi haqiqatlar yaratamiz va siz bunga ko‘nikishga majbur bo‘lasiz, deb qaror qildik. Shunday ham bo‘ldi, biz 2020-yilda yangi realliklarni yaratishni boshladik. Ular bunga ko‘nishga majbur bo‘ldi, keyin esa 2023-yil sentabrida amaliyot o‘tkazib, masalani bir kunda hal qildik. Shunday qilib, men savolga biroz kengroq javob beryapman, ammo bu boshlang‘ich fikrimni ochib beradi”, dedi Aliyev.
Javobini yakunlar ekan, u asosiy fikrni yana bir bor ta’kidladi:
“Qaytib aytaman: hech qachon taslim bo‘lmang va hududiy yaxlitlikning buzilishini qabul qilmang”.
Prezidentning ta’kidlashicha, jamiyat birligi yana bir muhim omil bo‘lgan:
“Jamiyatning birdamligi menga prezident va bosh qo‘mondon sifatida kuch berdi. Men xalqning meni qo‘llab-quvvatlashiga ishondim. Bu, ehtimol, hal qiluvchi omil bo‘ldi. Shunday qilib, yana takrorlayman: hech qachon taslim bo‘lmang”, dedi Aliyev.
Bir necha oy oldin Aliyev urushlar faqat bir tomon taslim bo‘lgandagina tugashini aytgan edi. Uning fikricha, sulh faqat qayta kuch to‘plash va harakatni davom ettirish uchun zarur xolos.
Izoh (0)