Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Salvador hukumatini deportatsiya qilingan venesuelalik muhojirlarni noqonuniy ushlab turish va qiynoqqa solishda ayblab Salvador prezidenti Nayib Bukele javobgarlikka tortilishi kerakligini bildirdi. Maduro bu haqda Karakasda o‘tkazilgan dehqonlar kongressida so‘zlagan nutqida ma’lum qilgan.

“Migratsiya jinoyat emas. Aksincha, migrantlarni o‘g‘irlash va qiynoqqa solish jinoyatdir. Bukele shuni bilishi kerakki, u konsentratsion va qiynoq lagerlarida venesuelaliklarga nisbatan qilgan barcha qilmishlari uchun ertami-kechmi javob beradi”, - dedi u.
Nikolas mart oyida qo‘lga olingan va Salvadorning eng yirik qamoqxonasi - terrorchilarni saqlash markazi Sekotda “sud va himoyasiz” saqlangan 252 nafar venesuelalik ozod qilingani va allaqachon vataniga uchib ketganini tasdiqladi. U bu odamlar El-Salvadorda hech qanday jinoyat sodir etmagani va AQShdan deportatsiya qilinganidan so‘ng u yerda qolib ketgani haqidagi fikrlarini takrorlagan.
Prezidentning ta’kidlashicha, ozod etilganlarning dastlabki ko‘rsatmalari zo‘ravonlik holatlarini tasdiqlaydi. Ulardan biri “kaltaklashlar oqibatida buyragini yo‘qotgan”, boshqalari qiynoqqa solingan, ularga ovqat berilmagan yoki buzilgan oziq-ovqat berilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha kelganlar qo‘nishdan so‘ng darhol venesuelalik shifokorlar tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Venesuela rahbarining aytishicha, muhojirlarni qaytarish bo‘yicha operatsiya parlament raisi Xorxe Rodriges boshchiligidagi AQSH hukumati vakillari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida amalga oshirilgan.
Mart oyida AQSH hukumati Venesuelaning “Tren de Aragua” deb nomlanuvchi jinoiy guruhiga mansub 238 nafar muhojirni Salvadorga deportatsiya qilgandi. Ular u yerdagi mashhur mega qamoqxonaga joylashtirilgandi.
Izoh (0)