2023-yil 7-oktyabrda urush boshlanganidan buyon Isroil G‘azo sektorining 88 foizdan ortig‘ini vayron qildi, 125 ming tonna portlovchi moddalar tashlab, 62 milliard dollar zarar yetkazdi. Bu haqda eksklav ma’muriyati matbuot xizmati tomonidan mojaroning 650-kunida e’lon qilingan statistik hisobotda aytilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bombardimonlar va quruqlikdagi harbiy harakatlar tufayli 2 million kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Hozirda 360 kvadrat kilometrlik hududning 77 foizi Isroil armiyasi nazorati ostida qolmoqda. Hisobotga ko‘ra, halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlarning umumiy soni 67 880 kishiga yetgan - shulardan 19 ming bola va 12,5 ming ayol.
Sektor rahbariyatining baholashicha, vayronalar ostida hali ham 9,5 mingga yaqin odam qolmoqda. Shuningdek, 1590 nafar tibbiyot xodimi, 228 nafar jurnalist va 777 nafar gumanitar missiya xodimi halok bo‘lgani xabar qilingan. Yuz minglab kishilar jarohatlangan, 4,7 ming kishi a’zolarini yo‘qotgan. Qurbonlar orasida ochlikdan vafot etgan 68 nafar va qochqinlar lagerlarida sovuqdan halok bo‘lgan 17 nafar bola bor.
-x9jnQoap.avif)
Hisobotga ko‘ra, 44,5 ming bola ota-onasining hech bo‘lmaganda biridan ayrilgan. 2 milliondan ortiq odam yuqumli kasalliklarga chalingan, jumladan, 71 ming kishi gepatit bilan og‘rigan. Bundan tashqari, sektor ma’muriyatining ta’kidlashicha, isroillik harbiylar qabristonlardan 2420 jasadni olib chiqib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasalxonalar hududida yettita ommaviy qabr yaratgan.
Umuman olganda, G‘azo rahbariyatiga ko‘ra, Isroil 38 ta kasalxona, 96 ta ambulatoriyani vayron qilgan, 538 ta maktabni yo‘q qilgan yoki shikastlagan, 833 ta masjid, uchta cherkov va 40 ta qabristonni buzgan. 288 mingdan ortiq oila boshpanasiz qolgan: 223 mingta uy butunlay vayron bo‘lgan, yana 130 mingtasi yashash uchun yaroqsiz deb topilgan. Zarbalar 261 ta boshpanaga ham berilgan.
18-may kuni Isroil armiyasi “Gideon aravalari” nomli keng ko‘lamli quruqlik operatsiyasi doirasida anklavning shimoliy va janubiy hududlarida jangovar harakatlar boshlanganini e’lon qildi. Unda beshta diviziya ishtirok etmoqda.
May oyi boshida Isroil G‘azo sektori aholisini mintaqa tashqarisiga chiqarish maqsadida “Gideon aravalari” maxsus operatsiya o‘tkazishi ma`lum qilingandi. Operatsiya doirasida anklav janubida yagona gumanitar hudud tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u yerda 2 millionga yaqin tinch aholi joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)