AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama ma’muriyati 2016-yilgi saylovlardan oldin ham, keyin ham Rossiya ularning natijasiga kiberhujumlar orqali ta’sir ko‘rsatmaganini bilgan. Bunday ma’lumotlar AQSHning amaldagi rahbari Donald Tramp ma’muriyati e’lon qilgan hujjatlarda keltirilgan, deya xabar bermoqda The New York Post (NYP).

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard 100 sahifadan ortiq elektron xatlar, xizmat yozishmalari va boshqa qaydlarni oshkor qilgan. U buni “Obama amaldorlarining 2016-yilda prezident Trampning g‘alabasiga to‘sqinlik qilish maqsadidagi fitnasi” deb atagan.
Hujjatlar orasida 2016-yil 12-sentyabrdagi razvedka hamjamiyatining bahosi ham bor. Unda “xorijiy raqiblar saylov infratuzilmasiga keng ko‘lamli va sezilarsiz kiberhujumlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkoniyatiga ega emaslar va, ehtimol, bunday imkoniyatga ega bo‘lmaydilar” deyilgan.
O‘sha yilning 7-dekabrida o‘sha paytdagi Milliy razvedka direktori Jeyms Klepperning idorasi ham shunga o‘xshash xulosaga kelgan.
“Bizda natijalarni o‘zgartirish maqsadida saylov infratuzilmasini kiber-manipulyatsiya qilingani haqida hech qanday dalil yo‘q”, deyiladi bayonotda.
Biroq Klepper bu ma’lumotlarni yashirgan. U va AQSHdagi boshqa rasmiylar Moskva Demokratik partiya milliy qo‘mitasiga kirib olganini va Tramp foydasiga prezidentlik poygasiga aralashganini da’vo qila boshlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2016-yil 9-dekabr kuni bir qator amaldorlar, xususan, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Brennan, davlat kotibi Jon Kerri va Federal qidiruv byurosi direktori o‘rinbosari Endryu Makkeyb Oq uyda uchrashib, Obamadan AQSH saylovlariga “Rossiyaning aralashuvi”ni tekshirish bo‘yicha ko‘rsatma olgan.
Izoh (0)