G‘arb ittifoqchilaridan harbiy yordam yetkazib berish kechikayotgani fonida Ukraina yer ostida o‘z qurollarini ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
Biz yer ostida qurol ishlab chiqarishni boshlaymiz, shunda hamkorlarimizdan yetkazib berish kechiksa ham Ukraina askarlari o‘zlarini himoya qila oladi, dedi Zelenskiy.
Shuningdek, siyosatchi Ukraina “urushni Rossiyaga qaytarishi, shunda Rossiya prezidenti tinchlikka intila boshlashi”ni ta’kidladi.
Zelenskiy ittifoqchilarni Ukraina havo mudofaasi imkoniyatlarini oshirishga chaqirdi. Prezident shu paytgacha olingan tizimlar uchun minnatdorlik bildirdi, biroq va’da qilingan katta miqdordagi zenit qurilmalari hali yetkazib berilmaganini aytdi.
Dunyoda Rossiya terrorining samarasizligini ta’minlash uchun yetarli havo mudofaasi tizimlari mavjud. Men sizlarni biz bilan havo mudofaasi bo‘yicha hamkorlikda yanada faolroq bo‘lishga chaqiraman, deya ta’kidladi Ukraina prezidenti.
May oyida Ispaniyaning El Mundo gazetasi Ukraina qurol ishlab chiqarish uchun yer osti zavodlarining maxfiy tarmog‘ini qurgani haqida yozgandi. Manbalarga ko‘ra, Ukraina zavodlari urush boshida keng ko‘lamli vayronagarchiliklar tufayli yer ostiga ko‘chirilgan. Ba’zi zavodlar butunlay yer ostida, ba’zilari esa maxfiy qurilgan.
Izoh (0)