Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilganining 80 yilligi bilan olim va akademiklar, iqtidorli tadqiqotchilar, doktorant hamda aspirantlarni, barcha ilmiy xodimlarni tabrikladi.
“Ushbu qutlug‘ ayyomda 80 yil mobaynida g‘oyat murakkab va sharafli yo‘lni bosib o‘tgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi yurtimizda yuzlab atoqli olim va akademiklarni tarbiyalab, ilm-fan sohalari bo‘yicha nufuzli ilmiy maktablar yaratishga katta hissa qo‘shganini minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz”, — deyiladi prezident tabrigida.
Qayd etilishicha, akademiya tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, uning tarkibida yangi ilmiy tashkilotlar ochilib, tizimdagi muassasalar soni qariyb 1,5 barobar ko‘paydi. Ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat budjetidan moliyalashtirish tartibi yo‘lga qo‘yildi.
Yetakchi olimlar, iste’dodli yosh ilmiy xodimlarning faoliyati va ilmiy tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda ilm-fan namoyandalarining obro‘-e’tibori va nufuzini oshirish doimo e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda.
“Soha vakillarining ish haqi hamda doktorantlarning stipendiyasi 3 barobar, akademiklarning gonorari 2 martadan ziyod oshirilgani, ilmiy darajaga ega ilmiy xodimlarning maoshiga 60 foizgacha ustama haq to‘lash tizimi joriy etilgani buni tasdiqlaydi”, — deydi prezident o‘z tabrigida.
Fanlar akademiyasi a’zolarining ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilash, sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan tadqiqotchilar uchun imtiyozli asosda kvartiralar ajratildi, oilali yosh doktorantlar bepul uy-joylar bilan ta’minlandi.
Akademiyaning nufuzli xalqaro tashkilotlar va rivojlangan davlatlardagi ilmiy markazlar bilan hamkorligi kuchayib, ular bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar ko‘lami ikki-uch barobar kengaydi.
Ilm-fanga yo‘naltiriladigan mablag‘larning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2025 yilga qadar 6 marta, 2030 yilgacha esa 10 marta oshirish rejalashtirgan.
Izoh (0)