Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tojikiston rahbari Emomali Rahmonni Qizil maydonda bo‘lib o‘tadigan 9-may paradiga taklif qildi.
Tojikiston prezidenti saytida xabar qilinishicha, Putin telefon orqali muloqot chog‘ida o‘z taklifini bildirgan. Suhbat davomida tomonlar xalqaro va mintaqaviy muammolar, jumladan, tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashgan.
Tojikiston prezidenti matbuot kotibi Abdufattoh Sharifzodaga ko‘ra, davlat rahbari 9-may kuni Moskvaga borishga hali qaror qilgani yo‘q.
“Prezident 9-may kuni Dushanbe shahridagi ’G‘alaba’ bog‘idagi Mangu olovga gul qo‘yish marosimida ishtirok etadi”, — dedi u.
Moskvadagi 9-may paradiga kimlar taklif qilingan?
Rossiyadagi harbiy paradlarda xorijiy davlatlar rahbarlari, harbiylar va xorijiy diplomatlar doimo ishtirok etib kelgan. Biroq Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng, hatto Rossiyaga do‘st bo‘lgan davlat rahbarlari ham Moskvaga tashrifdan bosh tortdi.
Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarovning tashrifi esa bundan mustasno. U Moskvaga tashrifi doirasida 9-may paradida ishtirok etuvchi yagona davlat rahbari bo‘lib qolmoqda. Hali Tojikiston prezidenti paradda qatnashish taklifini ma’qullamagan.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, harbiy paradda xorijiy davlat rahbarlaridan faqat Qirg‘iziston prezidenti ishtirok etadi. Sababi Japarov 9-may arafasida Moskvaga kelishi va paradda ishtirok etishini aytgan.
“Qirg‘iziston prezidenti parad arafasida shu yerda bo‘lishi sababli, albatta, u tadbirda qolishga qaror qildi. U bayramni ham, g‘ururni ham biz bilan baham ko‘rdi”, — degan Peskov.
Ta’kidlanishicha, 2023-yil xorijiy davlatlar rahbarlariga harbiy paradga taklifnomalar yuborilmagan.
“Bu yil xorijiy yetakchilarga maxsus taklifnomalar yuborilmadi. Bu yubiley sanasi emas ”, — dedi Kreml matbuot kotibi.
Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh bir qancha viloyatlarida, shuningdek, bosib olingan Qrimda 9-may kuni o‘tkaziladigan harbiy parad bekor qilingan. Qozog‘iston budjet mablag‘larini tejash uchun bu yil ham harbiy parad o‘tkazilmasligini e’lon qilgan.