Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov 4-may kuni “Olimpiya” stadionida Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino bilan uchrashdi. Bu haqda TDH davlat axborot agentligi xabar berdi.
Berdimuhamedov Turkmanistonda professional sportchilar safi kengayib borayotgani, sport inshootlari barpo etilayotgani, sport bilan shug‘ullana boshlaganlar soni ko‘payayotganini ta’kidladi. Turkmaniston futbol federatsiyasi 1992-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1994-yilda FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasiga a’zo bo‘lgan.
Shuningdek, FIFA rahbariga zamonaviy sport inshootlariga ega Arqadag‘ shahri barpo etilayotgani va shu nomdagi futbol klubi tashkil etilgani haqida ma’lumot berilgan.
“Biz FIFAning Turkmanistonda futbolni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, shuningdek, xalqaro futbol turnirlarini o‘tkazish uchun sport infratuzilmamizdan foydalanishni taklif qilamiz”, — degan prezident Serdar Berdimuhamedov.
Janni Infantino prezidentga shaxsiy futbolka, to‘p va FIFA bayroqchasini sovg‘a qilgan. Shundan keyin ular “Olimpiya” stadionini ko‘zdan kechirgan.
Bundan tashqari, mehmonlarga “yangi Arqadag‘ shahrining manzarali panoramasi”ni ochadigan Po‘lat ot haykali ko‘rsatilgan.
“Janni Infantino bu yerda kelajakda FIFA o‘quv-uslubiy markazini tashkil etish maqsadga muvofiqligini qayd etdi”, — deb yozadi TDH. Bundan tashqari, uni qurish bo‘yicha qaror allaqachon qabul qilingan.
Tashrif yakunida delegatsiya Xalqaro Axalteki ot sporti majmuasida bo‘lgan, ular uchun “Galkinish” milliy ot sporti o‘yinlari guruhi namoyish etilgan.
“Bizning Turkmaniston uchun ajoyib loyihalarimiz bor. Bu mamlakatda futbol o‘sishiga ishonch hosil qilishimiz kerak, Turkmaniston futbol mamlakati. Uning futbolga bo‘lgan iqtidori va ishtiyoqi baland”, — degan FIFA rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident bilan mamlakatga sarmoya jalb etish masalasi ham muhokama qilingan.
Bu hafta Janni Infantino Markaziy Osiyo davlatlariga tashrif buyurmoqda. 2-may kuni u Tojikistonga, 3-may kuni Qozog‘istonga, Turkmanistondan esa darhol Qirg‘izistonga yo‘l olgan. U Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashib, unga to‘p sovg‘a qilgan.