Ukraina armiyasi anneksiya qilingan Qrimni yaqin kelajakda Rossiya qo‘shinlaridan qaytarib olishi dargumon. Bunday fikr AQSH Mudofaa vazirligining to‘rt nafar yuqori lavozimli amaldori tomonidan Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo‘mitasida o‘tkazilgan yopiq brifingda aytib o‘tilgan.
Politico nashrining uchrashuv mazmunidan xabardor uch manbasi nimaga asoslanib bunday baho berilganini ochiq aytmadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Pentagon Ukrainaning yarimoroldan rus qo‘shinlarini siqib chiqarish imkoniyati borligiga yoki yaqin orada bo‘lishiga ishonmaydi. Nashr suhbatdoshlari yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar buni aniq qilib ko‘rsatganini ta’kidladi.
Politico’ning to‘rtinchi manbasi brifing mazmunini “ikki tomonlama” deb atadi. Xulosa shuki, Ukraina Qrimni qaytarish bo‘yicha operatsiya o‘tkazishga qaror qilsa, o‘z muvaffaqiyatini kafolatlay olmaydi, dedi manba.
Pentagon bu xabarga izoh berishdan bosh tortdi. “Ukrainaning qarshi kurashish va suveren hududini qaytarib olish qobiliyati nuqtai nazaridan, ularning Rossiya agressiyasini qaytarishdagi yuqori ko‘rsatkichlari va jang maydonidagi moslashuvchanligi o‘zi haqida o‘zi gapirmoqda”, — dedi Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singx.
Ukraina rasmiylari Rossiya bilan urush faqatgina rus qo‘shinlari bosib olingan barcha hududlardan, jumladan, 2014-yilda anneksiya qilingan Qrimdan olib chiqib ketilgandan keyingina tugashini bir necha bor taʼkidlagan. Ukraina hukumati vakillari Qrimni qaytarish bo‘yicha ehtimoliy harbiy operatsiya haqida muntazam gapirib keladi.
AQSH Qrimni Ukraina hududi deb biladi. Shu bilan birga, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng Vashington Kiyevga yarimoroldagi nishonlarga zarba bera oladigan vositalarni taqdim etishdan bosh tortdi. Ammo yanvar oyida The New York Times gazetasi AQSH prezidenti ma’muriyati bu masala bo‘yicha o‘z pozitsiyasini asta-sekin yumshatib borayotgani haqida xabar berdi. Reuters xabariga ko‘ra, Vashington Kiyevga harbiy yordamning yangi paketini tayyorlamoqda, undan 150 kilometr masofaga uchadigan GLSDB raketalari ham joy oladi.