Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Vatan”, “Maktub”, “Sevinch” va boshqa filmlaridagi rollari bilan tomoshabinlarning qalbidan joy olgan aktyor Bobur Yo‘ldoshev 16-yanvar kuni 44 yoshni qarshi oldi. Shu sana munosabati bilan “Daryo” nashri aktyor ishtirokidagi eng muvaffaqiyatli filmlar haqida ma’lumot beradi.

San’atkorlar oilasida dunyoga kelgan aktyor

Aktyor, prodyuser Bobur Yo‘ldoshev Bahodirovich 1979-yilning 16-yanvar sanasida rejissor Bahodir Yo‘ldoshev va aktrisa Rimma Ahmedovalar oilasida dunyoga kelgan. U 1993—1998-yillar davomida O‘zbekiston yoshlar teatrida dramaturgiya san’ati maktabida saboq olgan. Bobur Yo‘ldoshev keyinchalik O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qigan. Aktyor 1992-yildan buyon teatrda ish faoliyatini olib boradi. Shu yillar davomida teatrda 40 ga yaqin rollar ijro etdi, shundan 10 tasi bosh rollar hisoblanadi.

Foto: Instagram / @boburyuldash

Foto: Instagram / @boburyuldash

Ulardan G‘afur G‘ulomning “Shum bola” romani asosida sahnalashtirilgan spektaklda Shum bola rolini, Zulfiqor Musoqovning “Xo‘ja Nasriddining birinchi muhabbati” postanovkasida ota roli va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Quyida Bobur Yo‘ldoshev rol ijro etgan filmlar bilan qisqacha tanishing.

Foto: Instagram / @boburyuldash

Foto: Instagram / @boburyuldash

“Sevinch” filmi

Bobur Yo‘ldoshev “Sevinch” kinokartinasida bosh qahramon Doniyor rolini ijro etgan. Aktyorning bu filmdagi partnyorlari o‘zbek estradasining yulduzlari Shahzoda va Lola bo‘lgan.

“Vatan”

“Vatan” filmida 2006-yilda rejissor Zulfiqor Musoqov tomonidan suratga olingan. Filmda Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistondan urushga safarbar qilingan o‘zbekistonliklar hayoti haqida hikoya qilinadi. Filmda bosh rollarni Abdumannon Ubaydullayev, Muzaffar Sa’dullayev, Ra’no Shodiyeva, Bobur Yo‘ldoshev, Temur Musoqov kabi aktyorlar ijro etgan. Kinokartinada Bobur Yo‘ldoshev Homid obrazini gavdalantirgan. Aktyor bu filmda salbiy rolni o‘ynagan bo‘lsa ham tomoshabinlarning e’tiboriga tushgan.

“Tashlandiq”

“Tashlandiq” filmi rejissor Bahrom Yoqubov tomonidan 2008-yilda suratga olingan. Unda Bobur Yo‘ldoshev bosh qahramonlardan biri — Dilshod rolini ijro etgan. Aktyor bu filmda ham aktrisa Ra’no Shodiyeva bilan partnyor bo‘lgan. Aktyorning bu roli ham tomoshabinlar e’tiboridan chetda qolmagan.

“Maktub”

Tomoshabinlar mehriga sazovor bo‘lgan “Maktub” filmi aktyorning ijodida katta o‘rin egallaydi. Bobur Yo‘ldoshev ushbu kinokartinada uchinchi bor Ra’no Shodiyevaning partnyori bo‘lgan. Aktyorning “Maktub” filmidagi qahramoni o‘z rafiqasi bilan baxtli hayot kechirayotgan kunlarning birida saraton kasalligiga chalinganidan xabar topadi. U qolgan umrini baxtli kechirish maqsadida rafiqasi bilan birga vaqt o‘tkazadi. Ko‘p o‘tmay u vafot etadi, biroq uning rafiqasi turmush o‘rtog‘i vafot etganidan keyin ham u yozgan maktublarni oladi. Kinofilmda muhabbat, mehr, sadoqat kabi tushunchalar to‘liq ifodalab berilgan.

“Omad” 

Aktyor ijodidagi yana bir muvaffaqiyatli filmlardan biri “Omad” kinokartinasi hisoblanadi. Ushbu filmda teleboshlovchi Iroda Nosirova, Ubaydullo Omon ham rol ijro etgan. Aktyorning qahramoni hayotda omadga ishonmasligini aytadi, shundan keyin omad uning hayotiga inson qiyofasida kirib keladi. Bosh qahramon ko‘plab qiyinchiliklarga uchraydi: ishidan ayriladi, turmush o‘rtog‘i farzandi bilan ota uyiga ketib qoladi, uysiz ko‘chada qolib ketadi. Filmning oxirida Farhod omadga ishonish kerakligini tushunib yetadi.

“Kechikkan hayot”

“Kechikkan hayot” filmi 2010-yilda rejissor Ayub Shahobiddinov tomonidan suratga olingan. Aktyor ushbu filmda qassob yigit rolini ijro etgan va aktrisa Dilnoza Kubayeva uning partnyori bo‘lgan. Ikkala qahramon ham hayotda o‘z baxtini kech topadi. Aktyorning bu qahramoni jiddiy fe’l-atvorga ega, insonlar bilan gaplashishni uncha xushlamaydi.

“Visol”

Bobur Yo‘ldoshev “Visol” filmida boy, ota-onasining gapi bilan turmush qurayotgan inson rolini ijro etadi. U yoqtirgan qiz rolini esa xonanda, aktrisa Dineyra ijro etgan. Ularning to‘yiga bir necha kun qolganda qizning fikri o‘zgarib, hayotiga haqiqiy muhabbat kirib keladi. Dineyra filmda Bobur Yo‘ldoshev emas, aktyor Adiz Rajabov bilan oila quradi.

“Tog‘a”

Film 2014-yilda suratga olingan, unda tasvirlangan voqealar o‘tgan asrning 80-yillarida Buxoro shahrida bo‘lib o‘tadi. Otasiz oilada voyaga yetayotgan Sanjar yozgi ta’tilda tog‘asining uyiga mehmonga borib, bir muddat u yerda yashaydi. Uning tog‘asi – Jumash aka (filmda bu obrazni aktyor Bobur Yo‘ldoshev ijro etgan) tabiatan quvnoq, hazilkash inson. Biroq turmush o‘rtog‘i bilan befarzandlikdan aziyat chekadi.

Turli yumushlarda tog‘asiga qarashgan Sanjar qat’iyat, iroda, maqsad sari intiluvchanlik, mehnatsevarlik, halollik kabi fazilatlarni aynan tog‘asidan o‘rganadi. Bu fazilatlar unga kelgusida yaxshi inson, mohir shaxmatchi bo‘lib shakllanishida asosiy vazifani o‘taydi.

“Geolog: O‘limdan kuchli”

Kinokartina 2014-yilda namoyish etilgan. “Geolog: O‘limdan kuchli” kinofilmida geologiya fakultetining ikki nafar bitiruvchisi (Adiz Rajabov va Bobur Yo‘ldoshev) Toshkentdan Novosibirskka amaliyot o‘tash uchun boradi. Chet eldagi hayotga ko‘nikmagan talabalar mahalliy qaroqchilarda duch keladi, otishmalardan omon qoladi va bo‘rilar bo‘lgan o‘rmonda tunab qoladi. Ular astoydil tirik qolishga va vaziyatlardan chiqib ketishga harakat qiladi.

“Berlin — Oqqo‘rg‘on”

Aktyor ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan rejissor Zulfiqor Musoqovning “Berlin — Oqqo‘rg‘on” kinokartinasida Stalin obrazini gavdalantirgan. Film, asosan, Ikkinchi jahon urushining mudhish manzaralari, og‘ir asoratlari haqida hikoya qiladi.

Mavzuga doir: 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Nukus voqealari bo‘yicha uch nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi qamoqqa olindi 
Dunyo
G7 davlatlari Xitoy, Shimoliy Koreya va Eronga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda — Bloomberg
Mahalliy
Oʻzbekistonning yanvar oyidagi budjet daromadi ochiqlandi