Lugansk viloyatida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi o‘quv markazidan qochib ketgan olti nafar mahbus qidirilmoqda. Bu haqda “CHTD” Telegram-kanali xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, qurollangan mahbuslar Lugansk viloyatining Krasnodon tumanida “Vagner” o‘quv markazidan qochib ketgan. Rossiyaliklardan tashqari, ular orasida O‘zbekiston, Belarus va Qirg‘iziston fuqarolari ham bor.
Yollanma jangchilar jangovar harakatlar zonasiga ketishi kerak bo‘lgan paytda qochib ketgan. Prigojin unda “barcha zarur axborot” borligini aytgan.
Avvalroq Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi rasmiysi, brigada generali Aleksey Gromov Rossiya o‘z yo‘qotishlarini O‘zbekiston va Tojikistondan kelgan mehnat muhojirlari hisobiga to‘ldirayotganini aytgandi.
Shuningdek, Rossiya koloniyalaridagi mahbuslar 2 oy ichida rekord darajada kamayib ketgani, bu ular urushga yollanayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi xabar berilgan edi.
Ukraina Qurolli kuchlari Maxsus operatsiya kuchlari qoshidagi Milliy qarshilik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainadagi maxsus operatsiyasiga qamoqxonalarda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan yollangan o‘n minglab askarlarni jo‘natmoqda. Shu paytgacha ular jami 23 ming nafar mahbusni yollagan.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Ukrainadagi urushda qatnashayotgan Vagner jangchilarining taxminan 90 foizi mahbuslar bo‘lishi mumkinligini aytgandi. Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi “vagnerchilar”ning umumiy soni 50 ming kishiga yetishi, ulardan 40 mingga yaqini mahbuslar bo‘lishi mumkin. So‘nggi haftalarda Ukrainada mingga yaqin “Vagner” jangchilari o‘ldirilgan, ularning 90 foizi sobiq mahbuslar bo’lgan.
“Vagner” guruhi o‘zi qanday guruh?
Ko‘plab G‘arb OAVlari “Vagner” guruhi to‘g‘ridan to‘g‘ri Vladimir Putinga bo‘ysunishini yozadi. Uning yollanma jangchilari bolalarni o‘ldirish, ayollarni zo‘rlash va qiynoqqa solish, shuningdek, shafqatsiz qotilliklarda ayblanib keladi.
“Konkord” kompaniyasi egasi bo‘lgan Yevgeniy Prigojin 2016-yildan buyon AQSH, 2020-yildan buyon esa Yevroittifoq sanksiyalari ostidadir. Vashingtonda u Internet tadqiqotlari agentligi (trollar fabrikasi) va “Vagner”ni nazorat qilishda ayblangan.
U “Vagner”ga aloqadorligini ko‘p marta rad etgan va bunday ayblovlar sababli sudlashgan, ammo 2022-yil sentabrida u “Vagner” asoschisi ekanini ma’lum qildi. Tashkilotni 2014-yilda, uning so‘zlariga ko‘ra, “Donbassda rus xalqiga nisbatan genotsid” boshlangan vaqtda tuzgan.
Mavzuga doir: