Xitoyning 100 ta eng badavlat ishbilarmonlarining umumiy boyligi yil davomida 39 foizga kamayib, 907,1 milliard dollarga tushib ketdi. O‘tgan yili ularning umumiy kapitali 1,48 milliard dollarga baholangan. Bu haqda Forbes xabar bermoqda.
- Foto: Wall Street Journal
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu xitoylik milliarderlar boyligining so‘nggi 20 yildan ortiq vaqtdagi eng sezilarli pasayishidir.
Bu davrda faqat ikkita tadbirkorning boyligi o‘sgan, 79 ta milliarder esa qashshoqlashgan.
O‘tgan yil Xitoy uchun so‘nggi o‘n yilliklardagi eng og‘ir yillardan biri bo‘ldi. Bu ro‘yxatdagi eng badavlat 100 kishining boyligi sezilarli darajada kamaydi, — dedi Forbes jurnalining eng boy xitoyliklar reytingini tuzuvchi Rassel Flanneri.
Xitoylik milliarderlarning boyligi hukumatning IT sohasiga bosimi, COVID-19 lokdaunlari, iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi va yuanning dollarga nisbatan 12 foizga pasayishi fonida kamaydi.
Xitoy rasmiylarining texnologik sohaga e’tiborining kuchayishi fonida dunyodagi eng yirik smartfon ishlab chiqaruvchilardan biri Xiaomi rahbari Ley Junning boyligi ikki baravardan ko‘proq qisqardi — 2021-yildagi 17,9 milliard dollardan 2022-yilda 7,6 milliard dollargacha.
JD.com elektron tijorat giganti rahbari Richard Liuning kapitali o‘tgan yilgi 17,6 milliard dollardan 8,3 milliard dollargacha kamaydi.
Alibaba asoschisi Jek Ma ham boyligini saqlab qololmadi: milliarderning kapitali deyarli ikki barobarga qisqardi — o‘tgan yilgi 41,5 milliard dollardan bu yil 20,6 milliard dollargacha. Shunga qaramay, Ma reytingdagi beshinchi o‘rnini saqlab qoldi.
JA Solar Technology asoschisi va rahbari Jin Baofangning boyligi 16 foizga — 8,95 milliard dollardan 10,4 milliard dollargacha o‘sdi, Trina Solar kompaniyasining egasi Gao Jifan kapitali esa o‘tgan yilgi 7,16 milliard dollarga nisbatan 7,3 milliard dollargacha ko‘paydi.
Bu yil ro‘yxatga Shein onlayn kiyim-kechak sotuvchisi asoschisi Kris Xu ham qo‘shildi. Manbalarga ko‘ra, aprel oyida uning kompaniyasi 1 milliard dollar daromad olgan.
Bu Amerikaning Forbes jurnaliga ko‘ra, boshqa ikkita yirik kiyim-kechak sotuvchisi Zara va H&M’ning umumiy bozor qiymatidan ko‘proq. Shunday qilib, Xu 10 milliard dollarlik boyligi bilan 25-o‘rinni egalladi.
Eng boy xitoyliklar ro‘yxatida o‘tgan yildagidek birinchi qatorni Xitoyning eng yirik suv yetkazib beruvchisi Nongfu Spring direktorlar kengashi raisi Chjung Shanshan egalladi. Uning boyligi 62,3 milliard dollarga baholangan.
ByteDance asoschisi Chjan Yiming 49,5 milliard dollar bilan ikkinchi o‘rinda qoldi, uning boyligi o‘tgan yilga nisbatan 9,9 milliard dollarga kamaygan.
CATL elektromobillari uchun akkumulatorlar ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik kompaniya direktorlar kengashi raisi Robin Zeng ham uchinchi o‘rinni saqlab qoldi. Uning boyligi 28,9 milliard dollarga baholangan, bu o‘tgan yilga nisbatan 43 foizga kam.
Avvalroq rossiyalik milliarderlar yil boshidan beri 83,4 mlrd dollar yo‘qotgani haqida xabar berilgandi.