Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Ozodlik radiosi” muxbirining “vazir va butun O‘zbekiston hamda xorijga tanilgan san’atkor sifatida Ukrainadagi vaziyatga pozitsiyangiz qanday?” degan savoliga javob qaytardi.
Suhbatda Ozodbek Nazarbekov vazir sifatida O‘zbekiston pozitsiyasini qo‘llashini aytgan.
Davlatim, siyosatim qaysi pozitsiyada bo‘lsa, men ham vazir sifatida aynan o‘sha pozitsiyani qo‘llab-quvvatlayman. Mening shaxsiy fikrimni so‘raydigan bo‘lsangiz, uyga kelsangiz, qulog‘ingizga aytib beraman.Shuningdek, muxbir vazirdan rossiyaliklarni Ukrainadagi urushga borishga dav’at qilgan ayrim rus san’atkorlari Toshkentda konsert berayotgani va bu holat O‘zbekistonning xalqaro imijiga salbiy ta’sir qilayotgani to‘g‘risida so‘ragan.
“Bu holatlarga O‘zbekistonning pozitsiyasi ma’lum. Har ikki tarafning xohish va istaklarini na qo‘llash va na qoralash pozitsiyasida turibmiz. Rossiyadan juda ko‘p mashhur san’atkorlar bizda konsert berishga har yili keladi.
Ularning O‘zbekistonda muxlislari borligini e’tirof etamiz. Bozori borligi uchun ham keladi. Bo‘lmasa, kelmasdi. Xalqimiz ularni yaxshi ko‘radi. Mana shu holatlarda o‘zlarining siyosiy pozitsiyalarini e’lon qilishlari yoki bo‘lmasa, siyosiy pozitsiyalarini targ‘ib qilishlariga biz yo‘l qo‘yganimiz yo‘q. Yo‘l qo‘ymaymiz ham. Bu bo‘yicha munosabatimizni ham bildirdik.
O‘z qarorimizni ham qabul qildik. Bu masalaga shunchaki qo‘l siltab ketayotgan joyimiz yo‘q. San’atkorlar qaysi davlatdan kelib konsert bersa ham, ularga har doim siyosiy masalalarni bu yerda hal qilmaslik vazifasini qo‘ymoqdamiz”– degan vazir.
Avvalroq Madaniyat vazirligi salkam 16 milliard so‘mga 2 ta avtomobil xarid qilgani muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Shundan so‘ng, vazirlik axborot xizmati avtomobillar nega sotib olinganiga izoh bergandi.