BBC Rossiyaning Mediazona xizmati (Rossiyada “xorijiy agent” deb e’lon qilingan kompaniya) bilan birgalikda ochiq manbalar asosida 11-noyabr holatiga ko‘ra, Ukrainada 8712 dan nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lganini aniqladi, deb yozadi Meduza.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida kamida 163 kishi safarbar qilinganlardan. Ulardan yana 35 nafari frontga yuborilgunga qadar Rossiyaning o‘zida vafot etgan. Nashr harbiy qismlarda safarbar etilganlar o‘limining asosiy sabablarini yurak kasalliklari, baxtsiz hodisalar va spirtli ichimliklarni iste’mol qilish deb atadi.
BBC ning ta’kidlashicha, qurbonlarning haqiqiy soni bundan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin, chunki jurnalistlar o‘tgan haftaning o‘zida safarbar qilingan 72 kishining o‘limini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Oktabr oyidan beri halok bo‘lganlar haqidagi ko‘plab xabarlarda ularning holati ko‘rsatilmaganligi sababli ma’lumotlarni to‘plash qiyin. Shu sababdan halok bo‘lganlar shartnoma bo‘yicha xizmat qilganmi, ko‘ngilli sifatida frontga ketganmi yoki safarbar qilinganmi, aniqlash mumkin emas.
Mintaqalar bo‘yicha halok bo‘lganlarning aksariyati Krasnodar o‘lkasi (365 kishi), Dog‘iston (338 kishi) va Buryatiyaga (332 kishi) to‘g‘ri keladi. Moskvaning o‘zida 29 kishining halok bo‘lgani ma’lum.
Qo‘shinlar turlariga ko‘ra, motorli miltiqchilar (1603 kishi), parashyutchilar (1295 kishi), ko‘ngillilar (949 kishi) eng katta yo‘qotishlarga duch kelgan. Halok bo‘lganlar askarlarning 2111 nafari qaysi qo‘shinlarga tegishli ekanligi haqida ma’lumot yo‘q.
Ochiq manbalarga ko‘ra, noyabr oyi o‘rtalariga kelib, Ukrainada Rossiya armiyasining 2400 dan ortiq elita mutaxassislari, shuningdek, to‘rt general va 44 polkovnik halok bo‘lgan. BBC ma’lumotlariga ko‘ra, jami qurbonlarning 16 foizi zobitlardir.
Shuningdek, jurnalistlar Rossiya harbiylashtirilgan bo‘linmalari tarkibida jang qilgan 47 mahbusning o‘limini tasdiqladi.
AQSH shtab boshliqlari qo‘mitasi rahbari, general Mark Milli 10-noyabr kuni Rossiyaning urushdagi yo‘qotishlari kamida 100 ming kishi ekanligini aytdi. Millining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari ham xuddi shuncha yo‘qotishga uchragan. Bundan tashqari, u Ukrainada urush boshlanganidan beri 40 mingga yaqin tinch aholi halok bo‘lganini taxmin qildi.Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning yo‘qotishlari 79 mingdan ortiq kishini tashkil qiladi.
Avgust oyi oxirida Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Rossiya bosqinidan deyarli to‘qqiz ming nafar ukrainalik harbiy halok bo‘lganini aytgan edi. Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu sentabr oyi oxirida 5937 nafar rus askari halok bo‘lganini tasdiqladi. Bir hafta avval BBC Ukrainada Rossiya armiyasining 6476 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini yozgan edi.