Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Kiyev Moskva bilan asirlar almashinuvini amalga oshirgani, natijada 45 harbiy xizmatchi va yana ikki askarning jasadini qaytargani haqida ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.
“Bu askarlarni uyda bolalari kutmoqda, ularning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turdik. Xavotirli kunlar, uyqusiz tunlar o‘tib ketdi. Hammasi yaxshi bo‘ladi”, — deydi Yermak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, asirlarni ozod qilishda Ukrainaning harbiy asirlarni davolash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab-kvartirasi tomonidan katta yordam ko‘rsatilgan.
Rossiya tomoni esa hali almashinuv haqida e’lon qilmadi.
Rossiya Ukrainaga urush ochgandan beri tomonlar harbiy asirlarni almashish haqida bir necha bor xabar bergan. Avvalgi almashinuv 10-noyabr kuni “35 ga 35” formatida bo‘lib o‘tdi, degan edi LXR rahbari vazifasini bajaruvchi Leonid Pasechnik. “LXR xalq militsiyasining 35 nafar harbiy xizmatchisi Ukraina asirligidan uyga qaytdi”, deb yozgandi u. Keyinchalik bu almashinuvni Ukraina tomoni ham tasdiqladi.
Undan oldingi almashinuv esa 3-noyabr kuni “107 ga 107” formatida bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi.