Ukraina Polsha hukumatidan Amerikaning SpaceX kompaniyasida ishlab chiqarilgan qo‘shimcha 1570 ta Starlink sun’iy yo‘ldosh terminallarini oldi. Bu haqda Ukrainaning raqamli transformatsiyalar vaziri Mixail Fyodorov ma’lum qildi, deb yozmoqda “RBK”.
Vazirning ta’kidlashicha, terminallar yordamida mamlakat umumiy Wi-Fi nuqtalari bilan ta’minlanadi, bu hozirgi elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar tufayli juda muhim.
“Chiroq o‘chganda, uyali aloqa operatorlari va internet provayderlari ba’zi hududlarda ishlamaydi”, — deb tushuntirdi Fyodorov. Terminallarning bir qismi fuqarolik ma’muriyatlari va Ukraina temiryo‘llari tasarrufiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan, shu orqali yo‘lovchilar va xodimlarni barqaror mobil aloqa va internet bilan ta’minlash mumkin bo‘ladi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bosqini boshlanganidan beri Ukraina 20 mingdan ortiq Starlink terminallarini olgan. Ulardan 5 mingtasi Polsha hukumati ko‘magida keltirilgan.
Oktabr oyi boshida Ukraina harbiylari Starlink terminallari o‘chib qolayotganidan shikoyat qilgandi — tizim qo‘shinlarga dronlarni boshqarish, razvedka ma’lumotlarini olish va xavfsiz tarmoqlar mavjud bo‘lmagan hududlarda bir-biri bilan muloqot qilish imkonini beradi. CNN manbasiga tayanib xabar berishicha, uzilishlarga moliyaviy muammolar sabab bo‘lgan.
SpaceX kuz boshida Pentagondan Ukrainada Starlink’ni moliyalashtirishni o‘z zimmasiga olishni so‘ragan, Mask xarajatlarni oyiga 20 million dollarga baholagan. Shundan keyin AQSH prezidenti ma’muriyati ittifoqdoshlar bilan Ukrainani sun’iy yo‘ldosh aloqasi bilan ta’minlash masalasini muhokama qilayotganini bildirgan. Biroq oktabr o‘rtalarida biznesmen Ukrainada aloqani bepul ta’minlashga va’da bergan.