11-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Avstriyadagi tog‘-chang‘i kurortidagi yong‘in sabab halok bo‘lgan 155 kishi, yapon harbiy kemalariga qarshi kechgan hayratlanarli jang hamda Falastin ozodlik tashkiloti yetakchisi Yosir Arofatga oid faktlar o‘rin olgan.
Kaprundagi fojia: fristayl bo‘yicha jahon chempioni umriga zomin bo‘lgan yong‘in
2000-yil 11-noyabr kuni Avstriyadagi Kaprun tog‘-chang‘i kurortida sodir bo‘lgan yong‘in 155 kishining o‘limiga sabab bo‘lgandi. Ularning aksariyati chang‘ichi va snoubordchi bo‘lib, shu kuni funikulyorda (maxsus arqon yordamida yurgiziladigan tog‘ temir yo‘li) Kisshtaynxorn tog‘iga ko‘tarilayotgan bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida fristayl bo‘yicha jahon chempioni 19 yoshli Sandra Shmitt ham bor edi.Fojia bir nechta sabablar tufayli yuzaga kelgan. Yong‘in boshlangan funikulyor poyezdi 1993-yilda foydalanishga topshirilgan. Ma’lumki, bunday transport vositasining o‘z dvigateli va yonilg‘ili baki bo‘lmaydi, tros yordamida ko‘tarilib tushadi. O‘zidan oldin foydalanilgan tarkibdan farqli o‘laroq, uning tros uzilganda to‘xtashni ta’minlaydigan gidravlik tormoz tizimi mavjud bo‘lgan.
Bunday poyezdlarda yong‘in yuzaga kelish ehtimolligi deyarli nolga teng va shu sababli olovni o‘chirishga mo‘ljallangan biror vosita, shuningdek, yo‘lovchilarni tezkor evakuatsiya qilish imkoniyatlari bo‘lmagan. Vagonlar eshiklarini faqat tashqaridan ochish mumkin bo‘lgan, “ognetushinel”lar esa boshqaruvchilarning alohida kabinalarida saqlangan. Poyezdda tutun detektori, stop-krat va yo‘lovchilari bilan aloqa vositasi ham bo‘lmagan.
11-noyabr tongida ichida 161 nafar yo‘lovchi bo‘lgan poyezd va bir nafar kontrolyor Kisshtaynxorn tomon harakatni boshlaydi. Pastki vagondagi kontrolyor kabinasi bu vaqtda bo‘sh edi, ammo unda maishiy isitkich ishlayotgan bo‘lgan. U esa o‘z navbatida tormoz tizimining moy o‘tkazgichi yoniga joylashtirilgan. Poyezd yo‘lga otlanganidan ko‘p o‘tmay, moy o‘tkazgich trubasi erib ketgan va undan moy oqib, yona boshlagan.
Birinchi vagondagi kontrolyot yuzaga kelgan yong‘indan bexabar holda harakatni davom ettirgan. Pastki vagondagi yo‘lovchilar bu vaqtda tutundan bo‘g‘ila boshlagan. Funikulyor yo‘lining bir qismi 3300 metrli tunneldan o‘tgan va yonayotgan poyezd to‘g‘ri uning ichiga kirib borgan. 600 metr yurgan poyezd tormoz tizimidagi bosim tushib ketganidan to‘xtagan.
Tashqari tarafdan qamalib qolgan yo‘lovchilar vagondan oynalarni sindirish orqali chiqishga uringan. Tutundan hushini yo‘qotmaganlarning aksariyati yuqori tarafda yugurishga tushgan. Eshikni ochgan kontrolyor ham yo‘lovchilarni yuqori stansiyaga kuzatgan. Bu xato edi — chunki bir zumda halokatga olib keluvchi tutun tunnelda pastdan tepaga qarab harakatlanadi.
Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchi Torsten Gedler va quruvchi Ervin Gyorts tutunning bunday harakatlanishini bilgan. Ular bu haqda yo‘lovchilarga baqirgan, biroq mutaxassislarning gaplariga faqat 10 kishi quloq solgan. Ular birgalikda 10 daqiqa ichida xavfsiz hududga chiqib olgan.
Poyezdda qolgan yoki yuqoriga ko‘tarilgan barcha halok bo‘lgan. Funikulyordagi yong‘in oqibatida, shuningdek, kontrolyor qarama-qarshi yo‘nalishda pastga harakatlanayotgan poyezd yo‘lovchisi ham vafot etgan.
Fojia shanba kuni — tog‘-chang‘i mavsumi boshlangan, dam olish maqsadidagi tashrif buyuruvchilar ko‘p kelgan paytda sodir bo‘lgan. Ularning ayrimlari Kisshtaynxornga oilalari bilan kelgan. Kurortda avstriyaliklardan tashqari xorijlik turistlar ham ko‘p edi, masalan, Faxriylar kunini nishonlashga kelgan bir necha AQSH harbiysi.
Yong‘in bir necha sportchining ham umriga zomin bo‘lgan. Ular orasida 19 yoshli Sandra Shmitt ham bor edi. Bu qadar yosh bo‘lishiga qaramay, u besh marotaba g‘alaba qozongan va jami o‘n marta Jahon kubogi shohsupasiga ko‘tarilgan. Shmittning asosiy yutug‘i — 1999-yilda fristayl bo‘yicha Jahon chempionatidagi g‘alabasi bo‘lgan. O‘limidan oldinroq u yangi mavsumga tayyorgarlikni yakunlagan va ota-onasi bilan dam olish uchun Kisshtaynxornga tashrif buyurgandi.
Shuningdek, fojia oqibatida karlar bellashuvida qatnashuvchi to‘rt nafar avstraliyalik sportchi halok bo‘lgan. Ulardan biri 37 yoshli Yozef Shaupper Surdoolimpiya o‘yinlari chempioni va bir necha karra sovrindori edi.
155 kishining o‘limi bo‘yicha oxir-oqibat hech kim javobgarlikka tortilmagan. Funikulyorlarni foydalanishga topshirish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya xodimlari, texnik ishchilar va texnik nazorat bo‘yicha tashkilot inspektorlari sudga tortilgan, biroq ularning barchasi dalillar yetarli bo‘lmagani bois oqlangan.
Bir jang tarixi
1942-yil 11-noyabr kuni Kokos orollarining janubi-sharqidagi Hind okeanida Ikkinchi jahon urushining eng hayratlanarli dengiz janglaridan biri sodir bo‘lgan. Urush ishtirokchilari bo‘lgan Germaniya va Yaponiya Birinchi jahon urushida bo‘lgani kabi reyderlik amaliyotini (dengiz yo‘llarida dushmanning transport va savdo kemalariga qarshi mustaqil kurash olib borish) yo‘lga qo‘ygan.11-noyabr kuni ikkita yapon reyderi hamda tanker va unga hamrohlik qilayotgan korvetdan iborat Britaniya kemalari ishtirokida to‘qnashuv yuz beradi.
Yaponiya tomonidan ikkita haqiqiy reyder bo‘lgan. Ular aslida yo‘lovchilarni tashishga mo‘ljallangan teploxodlar ko‘rinishida qurilgan bo‘lsa-da, harbiy idora pullari evaziga maxsuslashtirilgan. “Xokuku-maru” va “Aykoku-maru” kemalarining suv sig‘imlari 10 438 tonna bo‘lib, maksimal tezligi 21 uzelni tashkil etgan. Ulardan Amerikaga turli reyslarni amalga oshirishda foydalanish uchun rejalashtirilgan.
Asosiy qurollar 140 millimetrli “Tip 3” bo‘lib, har bir kemaga ularning sakkiztasi o‘rnatilgan. Bundan tashqari, 76 millimetrli “zenikalar”, ikkita 25 millimetrli “Tip 96”, ikkita 13,2 millimetrli pulemyotlar va qo‘shtrubali 533 millimetrli torpedo apparatlari bo‘lgan.
O‘sha kuni tongda Kokos orollarning janubi-sharqiy qismida “Xokoku-maru” kuzatuvchilari bitta tanker hamda unga hamrohlik qilayotgan kemani payqab qolgan. Reyder yo‘nalishni ular tomon o‘zgartirgan, “Aykoku-maru” esa 6 mil uzoqlikda uning ortidan ergashgan. I rang kapitani Xirosi Imazato avvaliga harbiy kemani cho‘ktirib yuborishga qaror qilgan, shundan keyin tanker o‘zi jangsiz taslim bo‘ladi deb hisoblagan.
“Ondina” nomli tanker Niderlandiyaniki bo‘lib, Britaniya floti tomonidan foydalanib kelingan. Kema yapon reyderlaridan kichik va 12 uzel tezlikda harakatlana olgan. Britanlar tankerdan foydalanishni boshlaganida unga bitta 102 millimetrli qurol va to‘rtta zenit pulemyotlarini o‘rnatgan xolos.
Ikkinchi kema “Bengal” korveti edi. Noma’lum kemani payqab qolgan korvet komandiri leytenant-kommandor Uilyam Uilsan ular tomon harakatni boshlaydi va bir vaqtning o‘zida jangovar trevoga beradi.
Uning ortida ikkinchi reyder paydo bo‘ladi, ikkala kema ham bayroqsiz edi, biroq britanlar yakonlarning kreyserlarini tanilgan va o‘rtada to‘qnashuv yuz berishi oydinlashgan. Uilson qochib ketish imkonsiz ekanini yaxshi anglagan, yaponlar tezlik borasida ancha usun edi. Shu bois kapitan tankerning yashirinishiga imkon berib, reyderlarni tutib qolishga qaror qiladi. Radio orqali “Ondina”ga mustaqil qochishni buyurib, uchrashuv joyini belgilaydi. Korvetning o‘zi esa so‘nggi va hal qiluvchi jangga otlanadi.
Umuman olganda reja yomon emasdi: zenit avtomatlaridan foydalanish uchun dushmanga minimal darajada yaqinlashish. Ammo Uilson yaponlarning torpedo apparatlaridan bexabar bo‘lgan. Yaponlar ham korvetni cho‘ktirib yuborishni, tankerni esa egallashni niyat qilgan.
Yapon kemalari “Bengal”ga qarshi o‘t ochishni boshlaydi. Shu payt kutilmagan voqea sodir bo‘ladi. Tanker kapitani Villyem Xorsman aqlbovar qilmas qarorni qabul qilib, jangga qo‘shiladi.
“Ondina” tomonidan otilgan uchinchi o‘q “Xokoku-maru”ning palubasi ustidagi boshqarish portiga kelib tushadi. “Bengal” tomonidan uzilgan oltinchi snaryad ham shu joyga tushadi. Yaponlarda sarosima boshlanadi. “Aykoku-maru” ham “Bengal”ni o‘qqa tutishni boshlaydi, biroq kichik korvetni to‘g‘ri nishonga olish oson kechmagan. “Xokoku-maru”ga kelib tushgan navbatdagi snaryad vaziyatni umuman o‘zgartirib yuboradi.
Snaryad o‘ng bortdagi torpedo apparatiga kelib tushgandi. Tabiiyki ular portlab ketgan. Reyderdagi gidrosamolyot bortdan uloqtirib yuborilgan va yonilg‘i to‘kilib ketgan. Ichida benzin bor bochkalarda yong‘in yuzaga kelgan, ular o‘z navbatida 3-sonli jangovar qurollarning portlashiga olib kelgan.
“Mushakbozlik” natijasida o‘ng bortning quyruq qismida teshik paydo bo‘lgan va “Xokoku-maru”ning bir qismi cho‘kishni boshlagan. Oxir-oqibat benzin sabab yuzaga kelgan yong‘in mashina bo‘lmasiga yetib borgan va kemaning barcha elektr ta’minotini ishdan chiqargan. “Xokoku-maru” ishdan chiqqan va o‘t ochishni to‘xtatgan.
Taxminan yarim soatdan keyin “Xokoku-maru” komandiri kapitan Imazato yong‘in o‘chirilmagani yetmaganidek, u artilleriya qurollari bo‘lmasiga yaqinlashayotganidan xabar topgan. U ekipajga kemani tark etishni buyurgan, biroq hamma ham buni amalga oshirishga ulgurmagan — bir necha daqiqadan keyin “Xokoku-maru” portlagan. Ekipajning 354 nafar a’zosidan 76 nafari, jumladan, kema kapitani ham halok bo‘lgan.
Yaponlar voqealar rivojining bunday tus olganidan hayratga tushgan va tutunlar orasida “Bengal”ni qo‘ldan chiqargan. Kapitan Uilson yetkazilgan zararni aniqlashni buyurgan. “Bengal”ga qarata otilgan 200 ga yaqin 140 millimetrli snaryadlarning faqat ikkitasi kelib teggandi, biroq ekipajning 85 a’zosidan hech kimga hatto jarohat ham yetmagan.
Belgilangan manzilda “Ondina”ni topa olmagan Uilson Diyego-Garsiya oroli tomon harakatlanish topshirig‘ini bergan. U Yerda Uilson “Ondina” halokatga uchraganini ma’lum qilgan. Britaniya qo‘mondonligi “Bengal”ning sharafli g‘alabasini e’tirof etib, barcha dengizchilarni mukofotlagan, Uilson esa “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini qo‘lga kiritgan.
“Ondina” bilan bog‘liq hodisa Uilsonning hisobotidan biroz boshqacha bo‘lgan. “Bengal”ni ko‘zdan yo‘qotgan “Aykoku-maru” ortga qaytib, tankerni yakson qilishga qaror qiladi. Tabiiyki, reyder tankerga tezda yetib oladi. Kapitan Xorsman tankerga to‘xtab, oq bayroq ko‘tarishni, jamoaga esa kemani tark etishni buyuradi. Afsuski, bayroq tushirilib, ko‘tarilgunga qadar yaponlar yana bir nechta snaryad uzadi. Ularning oxirigisi rubkaga tushib, jasur kapitanning o‘limiga sabab bo‘ladi.
Jamoa suvga uchta qayiq va ikkita solni tushirib, kemani tashlab ketadi. “Aykoku-moru” “Ondina”ga yaqinlashib unga torpedalarini otadi. Tanker portlashdan keyin 30 foizga og‘ib qoladi, biroq cho‘kmagan.
Isroil bilan munosabatlarni yaxshilashga uringan Arofatning o‘limi
Bundan 18 yil 11-noyabr kuni Parijdagi “Persi” harbiy shifoxonasida Falastin muxtoriyati yetakchisi Yosir Arofat vafot etgandi. Juma kuni Misr poytaxti Qohirada Falastin rahbari bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tadi. Ko‘p yillardan buyon qarshilik urushini olib borayotgan va tinchlik, osoyishtalik kalimalarini allaqachon unutib yuborayozgan Falastin xalqi o‘z milliy yetakchisini so‘nggi yo‘lga kuzatgan. Muxtoriyat yetakchisini Quddusi sharif tuprog‘iga qo‘yish to‘g‘risidagi taklif Isroil hukumati tomonidan rad etilgan. Ozodlik kurashi tashkilotchisi va yalovbardori bo‘lgan siyosiy arbob Ramalloh shahriga dafn etilgan.Oq-qora arabiy ro‘moli, harbiy mundiri hamda ko‘zoynak ortidan boqib turuvchi sinchkov nigohi bilan falastinliklar qalbini zabt etgan va butun dunyoga tanilgan Yosir Arofat qirq yil davomida Falastin ozodlik tashkilotiga rahbarlik qilgan. Siyosiy arbob va harbiy qo‘mondon sifatida ozodlik kurashlarida ishtirok etgan. O‘tgan vaqt mobaynida Yosir Arofat nomi jahon ommaviy axborot vositalarida son-sanoqsiz marotaba tilga olingan, Falastin yetakchisining suratlari minglab matbuot nashrlarida chop etilgan.
Yosir Arofat — Muhammal Abdul Rahmon Abdul Rauf Arofat Qadva Husayniy 1929-yilning 24-avgustida Misr poytaxti Qohira shahrida tug‘ilgan. Uning otasi tadbirkor-sarmoyador kishi edi, onasi esa farzandi to‘rt yoshga yetganida vafot etgandi. Arofatning bolalik yillari Quddusda yashaydigan amakisi uyida o‘tgan. Hali dunyo sir-sinoatlarini to‘la anglab yetmagan bolakay arablar va yahudiylar o‘rtasida kechayotgan shafqatsiz kurashlar, qirg‘inlarga ilk bor shu yerda guvoh bo‘lgan. Uning go‘dak tafakkuri va ongi aynan ana shu kurashlar girdobida shakllangan.
Oiladagi farovonlik va to‘kinlik sabab, Arofat Qohira universitetida o‘qish, o‘z bilimlarini chuqurlashtirish imkoniga ega bo‘lgan. Arofat universitetda siyosat yoki iqtisod kabi nufuzli fakultetlarda emas, muhandislik yo‘nalishida o‘qigan (aytishlaricha, u Yosir ism-laqabini ayni shu Qohiradagi tahsil yillarida olgan). 1948-yilgi voqealar Arofatning hayotiy maslak va maqsadlarini mutlaqo o‘zgartirib yuborgan. O‘sha yilda Falastinga qarashli hududlar qo‘shni millat tomonidan egallangan va yangi davlat tarkibiga qo‘shib olingandi.
Shu tariqa hozirgacha davom etib kelayotgan Falastin—Isroil ixtilofi yuzaga kelgan. Arablar 1948-yil voqeasini “Nakba” (fojia) deb atashgan. Shu yillarda Arofat va uning tarafdorlari tomonidan Falastinni ozod qilish bayrog‘i ostida FATX harakatiga asos solingan. Arofat esa bosib olingan hududlarni qaytarish yo‘lida kurashgan birlashmaga rahbarlik qilgan. Ayni shu davrda harbiy sarkardalik va siyosiy yetakchilik qobiliyatini namoyish etgan Yosir Arofat xalqaro miqyosda obro‘-e’tibor qozona boshlagan. Xalqaro maydondagi e’tirof ifodasi o‘laroq, u Arab davlatlari Ligasi tomonidan 1965-yili tashkil qilingan Falastin ozodlik tashkiloti rahbari etib saylangan.
Arofat qo‘mondonligidagi FATX harakati o‘tgan yillar davomida goh Livan, goh Iordaniya hududlarida harbiy operatsiyalar olib bordi. Xususan, 1968-yili Iordaniya hududiga Isroil qo‘shinining kiritilishi va bu hujum Arofat boshqaruvidagi kuchlar tomonidan qaytarilishi FATX hamda uning yetakchisiga bo‘lgan ishonchni oshirib yuborgan. Iordaniyada FATX faoliyatining taqiqlanishi, Livanga qo‘shni davlat qo‘shini kiritilishi bilan mintaqadagi ahvol yanada og‘irlashgan. Arofat ham murakkab vaziyatdan kelib chiqib, Tunisdan panoh topishga majbur bo‘lgan.
Oslo shartnomasi garchi Quddusga egalik borasida mavjud bo‘lgan azaliy va abadiy masalaga oydinlik kiritmagan bo‘lsa-da, harqalay, ushbu bitimdan keyin hammasi sekin-asta izga tushayotganday edi. Biroq 1995-yili Isroil bosh vaziri Is’hoq Rabinga qilingan suiqasd tinch muzokaralar eshigini taqa-taq yopib qo‘ygan.
1990-yili Saddam Husayn Kuvayt davlatiga qarshi urush boshlaydi. O‘sha tahlikali davrda Arofat ochiq-oshkora Iroq rahbari tarafini olgan. Ko‘pchilik muxtoriyat rahbarining tavakkal harakati tushunolmagandi. Chunki Falastinga har yili millionlab dollar birodarlik yordami ko‘rsatayotgan davlatlarning barchasi Iroq xatti-harakatini qoralayotgan edi o‘sha paytda.
1991-yilda esa o‘zining islom aqidalariga sodiqligini ko‘p bora takrorlaydigan Arofat hammani hayron qoldirib Suxa Tavil ismli xristian ayoliga uylanadi.
2000-yili yana bir muhim hodisa yuz berdi. AQSh Prezidenti Bill Klinton Isroil bosh vaziri Yoxud Barak va Yosir Arofatni o‘sha mashhur Kemp-Devidda bir stol atrofiga to‘plangan. Biroq o‘zaro muzokaralar jarayonida Yoxud Barak tomonidan taklif qilingan tinchlik bitimi... Arofat tomonidan rad etilgan. Ko‘pchilik kuzatuvchilar muxtoriyat yetakchisining bu harakatini katta xato, deb baholagan (Bu qarash hozir ham saqlanib qolmoqda). Boshqa bir guruh siyosatdonlar Arofatni “tushunganday” bo‘lishgan va uni oqlagan.
Xullas, Yosir Arofat rahbarligi davrida Falastin xalqi ham quvonchli, ham qayg‘uli kunlarni boshdan kechirgan. Lekin Arofatning turfa siyosiy qarorlaridan qat’i nazar, u falastinliklar tomonidan har doim ham qo‘llab-quvvatlangan. Falastin xalqi Arofat siymosida o‘z mustaqilligi va ozodligini ko‘rib kelgan.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.