Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In taktik yadro bo‘linmalarining harbiy tayyorgarligini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda Koreya markaziy telegraf agentligi.
Agentlik xabariga ko‘ra, Shimoliy Koreya rahbari 25-sentabrdan 9-oktabrgacha bo‘lib o‘tgan mashg‘ulotlarda ishtirok etgan.
“Bu harbiy tiyib turuvchi vositamizning operativ tayyorgarligi sinovi, shu bilan birga, davlatimiz yadroviy mudofaa tizimining ishonchliligi va tayyorligini isbotlash”, — deya Kim Chen Indan iqtibos keltiradi markaziy telegraf agentligi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi mashg‘ulotlar Shimolning yadroviy javob berishga tayyorligini “aniq qilib namoyish etgan”.
Xabarlarga ko‘ra, Kim Chen In AQSH va Janubiy Koreya bilan muzokaralar olib borishdan manfaatdor emasligini ochiq aytgan.
“Bizda dushmanlar bilan muloqot qilish uchun asos yo‘q, bunga ehtiyoj ham sezmayapmiz”, — deya uning so‘zlarini keltiradi OAV.
Koreya yarim orolidagi keskinlik oxirgi paytlarda kuchaydi. Pxenyan sentabr oyi oxiridan beri Janubiy Koreya va AQSHning harbiy mashg‘ulotlariga javoban muntazam ravishda ballistik raketa uchirmoqda. Shuningdek, Shimoliy Koreya yaqin kelajakda yadroviy sinov o‘tkazishi mumkinligidan xavotirlar kuchaymoqda.
Janubiy Koreya, Yaponiya va G‘arb davlatlari bunday xatti-harakatlarni tanqid qilib, ular BMT Xavfsizlik Kengashining KXDR bo‘yicha qabul qilgan rezolyutsiyalarini buzayotganini ta’kidlamoqda.