Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiya bilan soddalashtirilgan viza rejimini to‘xtatish qarorini ma’qulladi. Bu haqda YI Kengashi saytidagi bayonotda aytilgan.
Tegishli hujjat 9-sentabr kuni Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etiladi. Qaror 12-sentabrdan kuchga kiradi. Bundan buyon Rossiya fuqarolari viza kodeksining umumiy qoidalariga bo‘ysunadi.
Jumladan, Shengen vizasiga murojaat qilish uchun konsullik badali 35 dan 80 yevrogacha oshadi, shuningdek taqdim etiladigan hujjatlar soni, vizalarni rasmiylashtirish va berish shartlari ortadi.
Qayd etilishicha, o‘zgarishlar Yevropa Ittifoqiga qisqa muddatga kelayotgan sayohatchilarga ta’sir qiladi. Yevropa Komissiyasi ushbu qaror bilan bog‘liq holda cheklovlar YIga zaruriy maqsadlarda keluvchi odamlarga, jumladan YI fuqarolarining oila a’zolari, jurnalistlar, dissidentlar va fuqarolik jamiyati a’zolariga ta’sir qilmasligini ta’minlash uchun qo‘shimcha ko‘rsatmalar berishi kerak.
2007-yil 1-iyunda Yevropa Ittifoqi va Rossiya o‘rtasida vizani soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim kuchga kirgan edi. U o‘zaro asosda qisqa muddatli vizalar berishni osonlashtirish maqsadida qabul qilingan. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida YI rossiyaliklarga Shengen vizalarini berishni cheklashga qaror qildi.
2022-yil 31-avgust kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga vizani soddalashtirilgan tartibda berishni bekor qilishga kelishib oldi. Shu bilan birga, ular rossiyaliklarga viza berishni to‘liq taqiqlash (buni ko‘proq Rossiya bilan chegaradosh Yevropa davlatlari talab qilmoqda) bo‘yicha kelisha olmagan. Shu sababli, Estoniya, Latviya, Litva va Polsha 19-sentabrdan boshlab Shengen turistik vizasi bo‘lgan rossiyaliklarning kirishini mustaqil ravishda taqiqlashga qaror qildi.
Mavzuga doir: Rossiyaliklarning Gruziyaga kirishi ommaviy taqiqlana boshladi