Ukraina Qurolli kuchlari mamlakat janubi va sharqida keng ko‘lamli qarshi hujumni amalga oshirib, kuz boshidan buyon ming kvadrat kilometrdan ortiq maydondagi o‘nlab aholi punktlarini ozod qildi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushning 197-kun yakunlari bo‘yicha xalqqa murojaatida aytib o‘tdi.
Davom etayotgan mudofaa operatsiyalari doirasida bizning qahramonlarimiz allaqachon o‘nlab aholi punktlarini ozod qilgan. Bugun esa ushbu harakat davom etdi, yangi natijalar bor. Umuman olganda, 1-sentabrdan buyon ming kvadrat kilometrdan ortiq hududimiz ozod qilindi. Bunga ta’minlagan barchaga rahmat!” — dedi u.Murojaatdan avval Zelenskiyning Telegram-kanalida ukrainalik harbiylar Xarkov viloyatidagi Balakleya shahri ustidan nazorat o‘rnatgani aytilgan video e’lon qilindi.
“Hamma narsa o‘z o‘rnida. Ukraina bayrog‘i ozod Ukraina osmoni ostidagi ozod ukrain shahrida!” — deya ushbu video ostiga izoh yozgan Zelenskiy.
Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi ham 9-sentabr kuni ertalabki hisobotida Balakleya tumaniga hujum haqida ilk bor xabar bergan.
“Mudofaa kuchlari Xarkov yo‘nalishida muvaffaqiyatli qarshi hujumni amalga oshirmoqda. Ukraina Qurolli Kuchlarining mohir va muvofiqlashtirilgan harakatlari tufayli mahalliy aholi ko‘magida ular uch kun ichida qariyb 50 kilometr masofani bosib o‘tdi. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, dushmanning alohida bo‘linmalari katta yo‘qotishlarga uchragan. Bosqinchilar Olxovatka va Borodoyarskoye aholi punktlari hududlaridan yaradorlar va shikastlangan texnikalarni evakuatsiya qilishga harakat qilmoqda”, — deyiladi Bosh shtab bayonotida.
Yuqorida tilga olingan ikkala aholi punkti ham Ukrainaning Xarkov viloyati Balakleya tumanida joylashgan.