Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Shuhrat Vafoyev prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
U shu munosabat bilan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Avvalroq prezident huzurida Strategik islohotlar agentligi tashkil etilgani haqida xabar berilgan edi.
Yangi agentlikning vazifalari nimalardan iborat?
Strategik rivojlanish agentligining asosiy vazifalari quyidagilar:
- mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish takliflarini ishlab chiqish, ularni tashkil etish va nazorat qilish;
- islohotlarni tanqidiy tahlil qilgan holda ularning samaradorligini baholash, rasmiyatchilik, sansalorlik va korrupsiyaviy holatlarga sharoit yaratuvchi tizimli muammolarni aniqlash, bartaraf etish choralarini ko‘rish;
- xalqaro moliya institutlari, chet el tashkilotlari va xorijiy mutaxassislarni hamda beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb qilish ishlarini tizimli tashkil etish;
- davlat ishtirokidagi korxonalarni transformasiya qilish, jumladan hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tuzish, boshqaruv organlari tarkibiga mustaqil a’zolarni kiritishni monitoring qilish.
Shavkat Mirziyoyevning shaxsan raisligida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining kengashi tuzildi. Kengashga bir qator vakolatlar berildi.
Agentlik bosh direktori va uning o‘rinbosarlari prezident tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Yangi agentlik nega kerak?
Agentlik barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yagona g‘oya va strategiya ostida birlashtiradi hamda ularni oxirigacha yetkazilishini nazorat qiladi. Shu bilan birga, yangi idora xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida jamiyat rivoji va xalq manfaatli uchun zarur bo‘lgan islohotlarni ishlab chiqish, mavjudlarini ekspertizadan o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.