Rossiya Davlat dumasini Putinni iste’foga chiqarishga da’vat etgan Sankt-Peterburgning “Smolninskoye” munitsipal okrugi kengashi deputatlari politsiyaga chaqirildi, ulardan armiyani “obro‘sizlantirganlik” uchun ma’muriy qonunbuzarlik haqida bayonnoma tuzish uchun kelish so‘ralgan. Bu haqda DW tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan munitsipal deputatlardan biri Nikita Yuferevga tayanib xabar berdi. Bunday mazmundagi SMS-xabarlar “Smolninskoye” MOning barcha deputatlariga, hatto ovoz berishda betaraf qolganlarga ham kelgan.
Davlat dumasini Rossiya prezidenti Vladimir Putinni davlatga xiyonat sababli lavozimidan chetlatishga da’vat etilgan murojaatnoma loyihasi “Smolninskoye” MO kengashi majlisiga uning deputati Dmitriy Palyuga tomonidan kiritilgan edi. Kengashning yigirma nafar a’zosidan o‘n nafari ushbu murojaatnoma bo‘yicha ovoz berishda qatnashmagan, ammo qonun bo‘yicha o‘n nafar deputat kvorum uchun yetarli bo‘lgan. Oxir-oqibat, ularning yetti nafari murojaatnomani Davlat dumasiga yuborishni yoqlab ovoz bergan.
Davlat dumasiga murojaatnoma nusxasini Palyuga va Yuferev o‘z Twitter’larida e’lon qilgan. Hujjatda aytilishicha, uning mualliflari fikriga ko‘ra, Rossiya prezidenti Putinning xatti-harakatlarida RF Konstitutsiyasining davlatga xiyonat haqidagi moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatlar belgilari bor. Xususan, ular Ukrainada “maxsus operatsiya” boshlanganidan keyin Rossiya armiyasi janggi shay bo‘linmalarining yo‘q qilinishi, Rossiya yosh va mehnatga layoqatli fuqarolarining halokati va mayib bo‘lishi, Rossiya iqtisodiyotiga zarar yetishi, NATOning kengayishi, shuningdek, Ukraina armiyasining zamonaviy G‘arb qurollari bilan ta’minlanishiga e’tibor qaratdi, bu esa uni “demilitarizatsiya qilish” (qurolsizlantirish) maqsadiga zid bo‘lib qolmoqda.
“Smolninskoye” MO deputatlarining Davlat dumasiga murojaatnoma tayyorlash qaroriga to‘satdan kelinmagan, dedi Yuferev. 24-fevraldayoq u Kengashning yana bir deputati, Dmitriy Baltrukov va boshqa munitsipalitetlar deputatlari bilan birga Ukrainadagi urushga qarshi miting o‘tkazish uchun ariza bergan, biroq shahar ma’muriyati bunga rozilik bermagan. 2-mart kuni esa munitsipal deputatlar Sankt-Peterburg fuqarolarini Kengashning ochiq majlisiga taklif qilib, unda “maxsus operatsiya”ni yakunlash kerakligi haqida Putinga atalgan murojaatnoma kelishib olingan. Unga Kremldan javob bo‘lmagan.
Avgustda Yuferev Rossiya prezidentiga yana bir talabnoma yuborgan — shaxsan o‘z nomidan va “maxsus operatsiya”ni “gumanitar mulohazalar nuqtai nazaridan” to‘xtatishga chaqirgan. “Axir millionlab ukrainaliklar qochqinlarga aylandi, 5 mingdan ziyod odam, shu jumladan, 300 nafar yosh bola halok bo‘ldi”, — deyilgandi unda. Unga javob kelgan va murojaat ko‘rib chiqilgani, Rossiya “demilitarizatsiya va denatsifikatsiya bo‘yicha maxsus harbiy operatsiya” olib borayotgani aytilgan.
“Bizning barcha murojaatlarimiz aslida ularga qaratilmagan… Ular bizga javob bermasligini biz tushunib turibmiz… Bu ko‘proq, shu yerda, Rossiyada turib, bo‘layotgan voqealar uchun qayg‘urayotgan rossiyaliklarga yo‘llangan murojaatdir. Har safar biz ularga yolg‘iz emasliklarini, bu yerda biz ham borligimizni ko‘rsatishga intilamiz, bizlar — yuz berayotgan voqealarga qarshi bo‘lganlar ko‘p. Bu, propaganda aytayotganidek, ‘kam sonli sotqinlar’ emas. Biz juda ko‘pchilikmiz”, — dedi Nikita Yuferev.