8-sentabr kuni O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi vakillari Malayziya xalqaro savdo va ko‘rgazmalar markazida gibrid formatda tashkil etilgan “18-Halol mahsulotlar xalqaro ko‘rgazmasi —2022” (MIHAS-2022) rasmiy ochilish marosimida qatnashdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, unda Malayziya bosh vaziri Ismoil Sabri bin Yakob ishtirok etgan.
Mazkur ko‘rgazma halol mahsulotlar sanoatida dunyodagi eng yirik tadbir bo‘lib, 2004-yildan beri har yili Malayziya poytaxtida o‘tkazib kelinadi. U Malayziya savdo va sanoat vazirligi huzuridagi Xalqaro savdoni rivojlantirish korporatsiyasi (MATRADE) tomonidan tashkil etiladi.
Joriy yilda ko‘rgazmada oziq-ovqat, farmatsevtika, islom moliyasi, ziyorat turizmi, elektron tijorat, islom modasi, oziq-ovqat texnologiyasi, shuningdek, jami 13 xil yo‘nalishdagi mahsulot va xizmatlar namoyish etilmoqda.
Tadbir davomida “Halol” sanoatidagi yangi yo‘nalishlar va tendensiyalar bilan tanishish an’ana tusini olgan.
Ko‘rgazma ishtirokchilariga O‘zbekistonning eksport salohiyati, mahalliy mahsulotlarni xorijiy mamlakatlar bozorlariga chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va mahsulotlar tannarxini tushirish bo‘yicha foydalanilayotgan xalqaro transport yo‘laklari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etilgan.
Natijada MATRADE vakillari bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek, Malayziya bozorini o‘zlashtirish maqsadida “Halol” sertifikatiga ega bo‘lgan mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tijorat takliflarini Malayziyadagi salohiyatli xaridorlarga yetkazish bo‘yicha ushbu kompaniyalar ishtirokida onlayn taqdimot o‘tkazishga, shuningdek, kelgusi ko‘rgazma va yarmarkalarda O‘zbekistonning korxona va tadbirkorlari ishtiroki masalasini ishlab chiqishga kelishib olingan.