8-sentabr kunduz payti Bukingem qasrining rasmiy saytida Yelizaveta II ning salomatligi yomonlashgani haqidagi xabar paydo bo‘ldi. Ushbu xabar dunyo bo‘ylab barcha ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi ajiotajni yuzaga keltirdi.
Ma’lumki, monarxning o‘limi haqidagi yangilikni birinchi bo‘lib qirollik oilasi a’zolari tasdiqlaganidan so‘ng BBC jurnalistlari chop etadi. Shuningdek, sir emaski, qasr xodimlari, qarindoshlar hamda Britaniya amaldorlarida qirolicha vafot etgan taqdirda nima qilish bo‘yicha aniq yo‘riqnoma mavjud.
Yelizaveta II 70 yildan ortiq taxtda o‘tirgani inobatga olinsa, bunday tayyorgarlik to‘laqonli mantiqan qabul qilinishi turgan gap. Ammo gap faqat bunda emas. Qirolicha yoshlik davrida yaqinlarining o‘limiga tayyor emasligi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi bilan to‘qnash kelgan. O‘shanda bu qo‘rqinchli holat uning hayotida katta iz qoldirgan. Grazia nashri voqea tafsilotlari bilan bo‘lishdi.
1952-yilda Yelizaveta turmush o‘rtog‘i Filipp bilan birga Keniyaga borgan. O‘shanda uning otasi qirol Georg VI ning salomatligi yomonlashgani haqida gap-so‘zlar tarqalgan edi. Biroq qirol o‘z xizmat vazifalarini ado etayotgan edi. Shuning uchun Yelizaveta otasining qo‘qqisdan vafot etishi mumkinligiga ishonmagan. Biroq 6-fevralga o‘tar kechasi qirol vafot etgan. Bu yangilik Yelizavetaga kechikib yetib borgan.
Yelizaveta nima qilishi kerakligini yaxshi tushunardi. Biroq to‘satdan kelgan shumxabar tufayli unda otasi uchun qayg‘urib, ko‘z yosh to‘kish uchun bir daqiqa ham yo‘q edi. Yelizavetaga otasining o‘limi haqida xabar bergan guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, malika ushbu xabarni eshitishi bilanoq ish stoliga o‘tirgan hamda so‘nggi voqelar munosabati bilan turni davom ettira olmasligini hamda uzrini aytib yuzlab xatlar yozishga tushgan.
Shundan so‘ng Yelizaveta va Filipp Buyuk Britaniyaga yo‘l olgan. O‘shanda paparatsiyalar hozirgi kundagidan kamroq bo‘lsa ham, jurnalistlar samolyot trapidan motam libosida emas, oddiy ko‘ylakda tushib kelayotgan malikani suratga olishga muvaffaq bo‘lgan. Bu esa, tabiiyki, katta mojaroni keltirib chiqargan.
Shu voqeadan so‘ng Yelizaveta nafaqat o‘z o‘limi, balki boshqalarning ham o‘limiga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan.
Ma’lumki, u har bir safarga hech bo‘lmaganda bitta motam libosini olib ketardi. O‘z o‘limidan keyingi harakatlar rejasi ham aynan u tomonidan tasdiqlangan edi.
Mavzuga doir: Qirolicha Yelizaveta II ning moda tarixida o‘chmas iz qoldirgan eng yorqin obrazlari (foto)