Turkiyada ISHID yetakchilaridan biri qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 8-sentabr kuni NTV telekanalida e’lon qildi.
“Prezident Erdo‘g‘on Turkiyada asosiy terrorchi, ISHID yetakchilaridan biri Abu Zayd/Usta Zayd nomi bilan tanilgan Bashar Xattob G‘azal al Sumayday qo‘lga olinganini ma’lum qildi”, — deyiladi telekanal xabarida.
Turkiya prezidenti jurnalistlarga bergan intervyusida Abu Zaydni qo‘lga olish uchun mamlakat huquq-tartibot va xavfsizlik idoralari ISHIDga qarshi muhim operatsiya o‘tkazganini aytdi. Abu Zayd ISHID yetakchisi Abubakir al-Bag‘dodiy va uning vorisi Abdulla Kardash o‘ldirilganidan keyin tashkilotning eng muhim yetakchilaridan biriga aylangan edi.
Erdo‘g‘on ISHID terrorchisi Istanbul Milliy razvedka va politsiya boshqarmasida so‘roq qilingani hamda bosh prokuror nomidan sud organlariga yuborilganini qo‘shimcha qildi. Unga ko‘ra, Abu Zaydning Suriya va Istanbuldagi aloqalari anchadan beri kuzatib kelingan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari terrorchining soxta ism yordamida Turkiyaga noqonuniy ravishda kirishni rejalashtirayotgani haqida tezkor ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.