Saudiya Arabistoni, Misr va Gretsiya birgalikda futbol bo‘yicha JCH—2030 ni qabul qilmoqchi.
Agar ushbu ariza muvaffaqiyatga erishsa, noyabr—dekabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundial singari, musobaqa qishda o‘tkaziladi.
The Times nashrining manbalarga tayanib yozishicha, yaqin bir necha hafta ichida Saudiya Arabistoni, Misr va Gretsiyaning turnir mezbonligi uchun qo‘shma arizasi rasman e’lon qilinadi. Hukumat darajasidagi muzokaralardan so‘ng qaror qabul qilinadi.
Ushbu davlatlar 2030-yilgi Jahon Chempionatini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritsa, Saudiya Arabistoni Misr va Gretsiyada infratuzilmani tayyorlash xarajatlarining bir qismini o‘z zimmasiga oladi.
Bu trio UEFA tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Ispaniya va Portugaliya qo‘shma arizasiga jiddiy raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda, chunki Saudiya Arabistoni, Misr va Gretsiya uch xil konfederatsiya vakili hisoblanadi. Ushbu arizani Osiyo, Afrika va Yevropaning ayrim davlatlari qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
Yevropaning top-liga vakillari yana bir qishki Jahon Chempionati uchun mavsumni bir oydan ko‘proq vaqtga to‘xtatib turishni xohlamasligi uchun ham bunga qarshi chiqishi mumkin.
Avvalroq Janubiy Amerikaning to‘rtta davlati — Urugvay, Argentina, Chili va Paragvay JCH—2030 mezbonligi uchun ariza topshirgandi.
FIFA prezidenti Janni Infantino so‘nggi haftalarda Saudiya Arabistoni, Misr va Gretsiya vakillari bilan uchrashgan, biroq FIFA manbalari Infantino biror taklifni qo‘llab-quvvatlamayotganini aytib o‘tgan, deya yozadi The Times.
Eslatib o‘tamiz, JCH—2022 musobaqasida Qatarda bo‘lib o‘tadi. 2026-yilgi mundialga esa AQSh, Kanada va Meksika birgalikda mezbonlik qiladi.