Toshkentda 9-sentabr kuni BAA Mubadala va TAQA kompaniyalari Talimarjon IESga keng ko‘lamli investitsiyalar kiritishlarini nazarda tutuvchi bitimlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, kelishuvlarning amalga oshirilishi O‘zbekistonning eng yirik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish va quvvatini kengaytirishga imkon beradi.
Imzolangan bitimlar Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini boshqaradigan qo‘shma korxona tashkil etishni nazarda tutadi. BAA kompaniyalarining investitsiyalari qo‘shma korxonaning 300 million dollarlik ustav kapitalidagi 80 foiz ulushi uchun to‘lov hamda ilgari “Talimarjon IES” AJ tomonidan jalb qilingan taxminan 700 million dollarlik kreditlarni to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lardan iborat. Shunday qilib, BAA kompaniyalari Talimarjon IESga deyarli 1 milliard dollar sarmoya kiritmoqda.
Shunday qilib, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish Talimarjon IESning texnologik darajasi va ishonchliligini sezilarli darajada oshiradi, aholi, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish obyektlarni barqaror va sifatli elektr toki bilan ta’minlaydi.
Hamkorlikning navbatdagi bosqichi doirasida BAA kompaniyalari “Talimarjon IES” AJda qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga investitsiyalar kiritadi. Strategik energetika sanoatiga chet el investitsiyalarining faol jalb qilinishi yirik infratuzilma aktivlarini tashqi qarz olish yo‘li bilan moliyalashtirishning an’anaviy yondashuvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga o‘zgartirishga imkon beradi va shu bilan respublika tashqi qarzi bilan bog‘liq moliyaviy barqarorlikni va suveren kredit reytingining izchil yaxshilanishini ta’minlaydi.