“Toshkent” xalqaro aeroportida “Toshkent-2” terminalini rekonstruksiya qilishning ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qildi.
Qayd etilishicha, rekonstruksiya doirasida uchib ketish terminalining umumiy maydoni 44 001 kvadrat metr dan 74 001 kvadrat metrgacha oshiriladi. Hudud yangi qurilish, ro‘yxatga olish, kutish, bagajni qabul qilish va chegara nazorati zonalarini kengaytirish orqali kattalashtiriladi. Natijada aeroportning o‘tkazish qobiliyati har soatda 1200 dan 2400 yo‘lovchiga oshadi.
Shuningdek, yo‘lovchilar va kuzatuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida uchib kelish zali oldidagi maydonni rekonstruksiya qilish, avtoturargohlarni avtomatlashtirish ishlari boshlab yuborilgan. Ish uchib kelish zali oldidagi kichik avtoturargohdan boshlangan. So‘ngra uchib kelish zali oldidagi maydon rekonstruksiya qilinadi, loyihaga ko‘ra, u uch qismga bo‘lingan — to‘xtash joyi, piyodalar hududi (skameykalar, favvoralar, yashil hududlar) va alohida taksi yo'laklari.
Avtoturargohlarni rekonstruksiya qilish doirasida Uzbekistan Airports kompaniyasi tomonidan avtoturargoh uchun yangi jihozlar xarid qilingan. Ularni o‘rnatish yaqin kunlarda boshlanadi. Sotib olingan texnik uskunalar xodimlar ishtirokisiz kirish/chiqish va to‘lovlarni qabul qilish imkonini beradi.
Mablag‘lar avtomatlashtirilgan onlayn kassa terminalida naqd pulda, shuningdek, naqd pulsiz bank kartalari va mobil to‘lov ilovalari orqali qabul qilinadi. Boshqaruv kompaniyasi avtoturargohning joylashuvi va foydalanish davomiyligini (soat, kun) hisobga olgan holda tariflarning moslashuvchan tizimini ishlab chiqmoqda.
Bundan tashqari, tizimda avtoturargohni oldindan band qilish, shuningdek, masofadan turib to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi mobil ilova mavjud bo‘ladi. Shuningdek, “Toshkent” aeroporti hududidagi avtoturargohlar elektromobillarni quvvatlantirish shoxobchalari bilan jihozlanadi.