Afg‘onistonda hokimiyat tepasida bo‘lgan “Tolibon” harakati yana bir marta Tojikiston va O‘zbekistonga murojaat qilib, o‘tgan yil avgustida mamlakatdan qochgan afg‘on Harbiy-havo kuchlari harbiy xizmatchilari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan vertolyotlarni qaytarishni so‘radi. Bu haqda toliblar Mudofaa vazirligi vakili Inoyatulla Xorazamiy aytib o‘tdi, deb xabar beradi TOLOnews.
“Vertolyotlar afg‘on xalqi mulkidir. Ular Afg‘onistonning joriy hokimiyatiga, mudofaa vazirligiga qaytarilishi kerak”, — dedi u.
Shu bilan birga, afg‘onistonlik ba’zi tahlilchilar fikricha, toliblar hokimiyati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmaguniga qadar, vertolyotlarni qaytarib olish imkonsiz bo‘ladi.
“Mamlakatdan o‘g‘irlab ketilgan vertolyotlarga kelsak, bir qator masalalar bor. Avvalo, bu vertolyotlar bilan bog‘liq hujjatlar Afg‘onistonga aloqadorligiga ishonchim komil emas. Ikkinchi masala — birorta ham mamlakat tan olmagan toliblar hokimiyati muammosidir”, — dedi Afg‘onistonning Tojikistondagi sobiq diplomati Fahim Kohdamoniy.
O‘tgan yil avgustida, “Tolibon” Afg‘oniston shaharlarini bosib olayotgan paytda, hukumat harbiy-havo kuchlari uchuvchilari qariyb 50 ta vertolyot va samolyotlarda O‘zbekistonga uchib kelgan edi. Bundan tashqari, HHK aviatexnikasining bir qismi Tojikiston hududiga ham o‘g‘irlab ketilgan.
AQSH Mudofaa vazirligi vakili, armiya mayori Rob Lodevik ma’lum qilishicha, o‘tgan yilning 21-avgusti holatiga O‘zbekistonda 46 ta, Tojikistonda esa 18 ta aviatexnika bo‘lgan.
Aprel oxirida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev O‘zbekiston hukumati Afg‘onistondan mamlakat chegarasini buzib o‘tgan harbiy uchoqlarni AQSH mulki bo‘lgani sababli ularga qaytarishni rejalashtirmayotganini aytgandi.
Irgashevning aytishicha, aviatexnikalar AQSH hukumati puliga sotib olingan va vaqtinchalik Afg‘oniston harbiy kuchlariga topshirilgan. Sobiq hukumat bu uchoqlarga bir dollar ham sarflamagan.
Eslatib o‘tamiz, 16-avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi (keyinroq oxiriga qadar tekshirilmagani ma’lum qilingan) mamlakat havo makonini ichida 585 nafar afg‘on harbiy xizmatchisi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot kesib o‘tgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Kuzatuv davomida Embraer-314 va MiG-29 samolyotlari to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan.
Oktabr oxirida Afg‘onistonni qayta tiklash bo‘yicha bosh inspektori (SIGAR) hisobotida toliblar tomonidan ag‘darilgan hukumatning Harbiy havo kuchlariga tegishli harbiy samolyotlarning chorak qismi O‘zbekiston va Tojikistonda ekani ma’lum qilingandi. “Tolibon” Afg‘onistonni egallagunga qadar mamlakat harbiy aviatsiyasida 160 ta samolyot bo‘lgan.
“Tolibon” mudofaa vaziri Mulla Yoqub O‘zbekiston va Tojikistonni afg‘on vertolyotlarini qaytarishga chaqirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aviatsiya texnikalari mamlakat boyligi hisoblanadi va u qaytarilishi kerak. Shu bilan birga, u O‘zbekiston Tojikiston toliblar sabrini sinamasligini va keskin choralar qo‘llashga majbur qilmasligini ta’kidlagandi. “Tojikiston va O‘zbekiston hal qilgani yaxshi, aks holda toliblar kutishdan charchadi”, — degandi Mulla Yoqub.
Shundan so‘ng, “Tolibon” matbuot kotibi Suhayl Shahin aviatsiya texnikasi atrofidagi qarama-qarshiliklar haqidagi savolga javob berar ekan, ular qardosh davlatlar bilan munosabatlarga ta’sir qilmasligini ta’kidladi.