Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida yangi tashkil etilgan barcha ixtisoslashtirilgan maktablarning imtihon natijalari bir vaqtda e’lon qilinadi. Bu bo‘yicha agentlik axborot xizmati eslatma berdi.
Xabarga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi imtihonlar sanasi o‘zgargan va bu test sinovlari javoblari e’lon qilinishi ortga surilishiga sabab bo‘lgan. Oxirgi imtihon 7-avgust sanasida bo‘lib o‘tgan va Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga 2022—2023-o‘quv yili uchun kirish imtihonlari aynan 7-avgust kuni yakuniga yetgani haqida rasmiy sahifalarda xabar berilgan.
Hurmatli ota-onalar va o‘quvchilar, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida yangi tashkil etilgan barcha ixtisoslashtirilgan maktablarning imtihon natijalari bir vaqtda e’lon qilinadi. Ijtimoiy tarmoqlarda imtihon javoblari kechikishiga “Boylarning bolalari saralab olinyapti” degan mazmundagi xabarlar haqiqatga mos kelmasligini va imtihon natijalari tez orada e’lon qilinishini ma’lum qilamiz, — deyiladi agentlik ma’lumotida.Avvalroq Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari kuni belgilangandi. Shuningdek, Prezident maktablari Xalqaro Kembrij imtihonlarini o‘tkazuvchi rasmiy markaz deb tan olingani ma’lum qilingan.