Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston neftini yetkazib berish yo‘nalishlari bo‘yicha topshiriq berdi, deb yozadi Tengrinews.
Transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha majlis chog‘ida davlat rahbari, xususan, neft yetkazib berishni diversifikatsiya qilishni muhim vazifa deb atadi.
“Eng ustuvor yo‘nalish Transkaspiy yo‘nalishi hisoblanadi. ‘KazMunayGaz’ga uni amalga oshirish uchun optimal variantni ishlab chiqishni topshiraman, shu jumladan, Tengiz loyihasi investorlarini jalb etish imkoniyati bilan birga. Hukumat ‘Samruk-Kazina’ bilan birgalikda Atirau — Kenkiyak va Kenkiyak — Kumkol neft quvurlari quvvatlarini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rishi kerak”, — dedi To‘qayev.
Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi Rossiyani aylanib o‘tgan holda Yevropaga yetkazib berishni ko‘zda tutadi, u Xitoy, Qozog‘iston, Kaspiy dengizi akvatoriyasi, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Qora dengiz orqali Yevropa mamlakatlariga o‘tib ketadi. Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi assotsiatsiyasiga 8 ta mamlakatdan 20 ta kompaniya a’zo bo‘lib, ular temir yo‘l ma’muriyatlari, portlar, kema va logistika kompaniyalarini o‘z ichiga oladi.
To‘qayevning bayonoti Rossiya sudi Kaspiy quvur konsorsiumining dengiz terminali ishini 30 kunga to‘xtatish haqidagi qaroridan bir kun o‘tib yangradi. Bu 2022-yilda uchinchi marta Qozog‘iston neftining Rossiya orqali jahon bozoriga chiqarilishini to‘xtatib qo‘yishi mumkin.
Avvalroq Qosim-Jo‘mart To‘qayev Yevropa Ittifoqiga Rossiya neftini Qozog‘iston neftiga almashtirishni taklif qilgan edi. Prezident, shuningdek, Yevropa Ittifoqini muqobil transkontinental yo‘laklarni, jumladan, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishda hamkorlik qilishga chaqirgan. U Qozog‘iston jahon va Yevropa bozorlaridagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun o‘zining uglevodorod salohiyatidan foydalanishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Mavzuga doir: To‘qayev Putinning yonida DXR va LXRni kvazi-davlat hududlari deb atadi