Buyuk Britaniya hukumatining Shimoliy Irlandiya bo‘yicha vaziri Brendon Lyuis iste’foga chiqdi. Bu haqda u Twitter’da ma’lum qildi. U postiga bosh vazir Boris Jonsonga yo‘llagan maktubini ilova qilgan.
“Tartibli va mas’uliyatli hukumat halollik, vijdonlilik va o‘zaro hurmatga asoslanadi, men esa hukumatni tark etishimga to‘g‘ri kelganidan chuqur afsusdaman, ammo men endi bu qadriyatlar qo‘llab-quvvatlanishiga ishonmayman”, — deb yozgan Lyuis.
Siyosatchi bu lavozimga 2020-yilning fevralida tayinlangan edi. Bungacha, 2019-yil iyulidan 2020-yilning fevraligacha Lyuis xavfsizlik vazirining yordamchisi lavozimida ishlagan.
Moliya vazirligi kotibi Xelen Ueytli, xavfsizlik vaziri Damian Xaynds, mehnat va pensiyalar bo‘yicha kotib o‘rinbosari Gay Opperman va adliya vaziri o‘rinbosari Jeyms Kartlij ham iste’foga chiqdi.
“Hukumatni tark etayotganimdan chin dildan afsusdaman”, — deb yozgan Ueytli Twitter’da. U 2021-yil sentabr oyida Moliya vazirligi kotibi lavozimiga tayinlangan edi. 2020-yil fevralidan 2021-yil sentabrigacha u Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida ishlagan.
Xavfsizlik vaziri lavozimidan ketishini izohlar ekan, Xaynds Britaniya hukumatini yangilash zarurligini ta’kidladi. “Bu o‘nlab hamkasblarimning iste’fosini talab qilmasligi kerak, ammo mamlakatimiz va demokratiyamizning ishonchliligi uchun bizda rahbariyat o‘zgarishi kerak”, — dedi siyosatchi.
Xaynds 2021-yil avgustida Xavfsizlik vaziri etib tayinlangan edi. U bungacha 2018-yilning yanvaridan 2019-yilning iyuligacha Ta’lim vaziri lavozimida ishlagan.
Opperman 2017-yilning iyun oyidan beri Mehnat vaziri o‘rinbosari, undan oldin G‘aznachilik lord komissari bo‘lgan.
G‘aznachilik kansleri Nadim Zaxavi iste’foga chiqmadi, lekin omma oldida Jonsonni o‘z lavozimini tark etishga chaqirdi — “to‘g‘ri harakat qiling va hoziroq keting” dedi u.
Oxirgi ikki kun ichida 40 dan ortiq siyosatchi Jonson hukumatidan iste’foga chiqdi, uning tarafdorlaridan ayrimlari bosh vazirni iste’foga ko‘ndirishga harakat qildi. Biroq Jonson bundan bosh tortdi.
Izoh (0)